Qimmatli qog‘ozlar bozoridagi huquqbuzarliklarni ko‘rib chiqishning yangi tartibi tasdiqlandi
ILMA qoidabuzarliklar aniqlanganda ish qo‘zg‘atish, bozor ishtirokchilariga nisbatan sanksiyalar qo‘llash va materiallarni sudga topshirish huquqini oldi

2025-yil 19-iyunda Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktori tomonidan Qimmatli qog‘ozlar bozori sohasidagi qonun hujjatlarini buzganlik to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish va sanksiyalarni qo‘llash tartibi to‘g‘risidagi yangi nizom tasdiqlandi.
Nizom huquqbuzarliklarni aniqlash, ko‘rib chiqish va ularning oldini olish, shuningdek, bozor subyektlariga nisbatan jazo choralarini qo‘llashning kompleks tartibini belgilaydi.
Nizomda qimmatli qog‘ozlar bozori sohasidagi qonun hujjatlari talablarini buzgan qimmatli qog‘ozlar bozori ishtirokchilariga nisbatan sanksiyalar qo‘llanilishi mumkinligi belgilab qo‘yilmoqda. Ishtirokchilarning mansabdor shaxslariga nisbatan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga muvofiq ma’muriy jazo qo‘llanilishi mumkin.
Istiqbolli loyihalar milliy agentligi ishlarni ko‘rib chiqish va sanksiyalarni qo‘llash bo‘yicha vakolatli organ etib belgilanmoqda. Ma’muriy huquqbuzarlik belgilari aniqlanganda ishlar o‘rnatilgan taribda sudlar tomonidan ko‘rib chiqiladi.
Nizom bilan ishni ko‘rib chiqish uchun asos bo‘luvchi holatlar ro‘yxati belgilanmoqda, ushbu ro‘yxtga fuqarolar, yuridik shaxslarning arizalari va shikoyatlari, tekshirish va hisobot materiallari, ommaviy axborot vositalari xabarlari va boshqa ma’lumot manbalari kiradi.
Ishni ko‘rib chiqish uchun komissiya tuziladi, uning tarkibi Agentlik rahbariyati tomonidan tasdiqlanadi.
Qaror va ko‘rsatmalar ustidan sudga shikoyat qilish mumkin. Sudga murojaat qilganda nizoli qaror yoki ko‘rsatma ijrosi sud hujjati qonuniy kuchga kirgunga qadar to‘xtatib turiladi.
Mazkur hujjatning qabul qilinishi bilan avval amalda bo‘lgan “Qimmatli qog‘ozlar bozori to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligining buzilishiga doir ishlarni ko‘rib chiqish va jazo qo‘llash tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqidagi nizom (ro‘yxat raqami 1131, 2002-yil 23-aprel) o‘z kuchini yo‘qotadi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ