Samarqand viloyatini rivojlantirishga 29 trln so‘m yo‘naltiriladi
Hududlar o‘sish strategiyasi sun’iy intellekt asosida ishlab chiqiladi, may boshigacha pilot tizim ishga tushiriladi
Фото: пресс-служба президента
Samarqand viloyatida iqtisodiy o‘sishni jadallashtirish va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshiriladi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Shavkat Mirziyoyev viloyatni investitsiyalar jalb qilish, eksport hajmini oshirish va ishsizlikni kamaytirish bo‘yicha yetakchi hududga aylantirish vazifasini qo‘ydi. Ushbu maqsadlar uchun byudjetdan 11 trln so‘m ajratiladi, yana 18 trln so‘m tadbirkorlar uchun kredit resurslari sifatida yo‘naltiriladi. Qo‘shimcha ravishda infratuzilmani yaxshilash uchun $100 mln, Urgut tumanini rivojlantirish uchun esa $50 mln ajratiladi.
Dastur doirasida sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etishga alohida e’tibor qaratiladi. 2025-yilda IT-infratuzilma yaratish va startaplarni qo‘llab-quvvatlash uchun $100 mln yo‘naltirilgan. Yangi tizim yordamida har bir tuman aholisi resurslari va kasbiy salohiyati tahlil qilinib, individual iqtisodiy modellar ishlab chiqiladi. Mablag‘larni eng samarali loyihalarga yo‘naltirish uchun hokimlar, bank vakillari va mahalla qo‘mitalari mas’ul etib belgilangan.
Pilot hudud sifatida Samarqand viloyatining Narpay tumani hamda Surxondaryo viloyatining Termiz tumani tanlangan. Analitik tizim joriy yil 1-mayga qadar ishga tushirilishi rejalashtirilgan, keyinchalik tajriba butun respublika bo‘ylab tatbiq etiladi.
Rejalarga ko‘ra, viloyat yalpi hududiy mahsuloti 9% o‘sish sur’ati bilan 144 trln so‘mga yetkaziladi. $3 mlrd xorijiy investitsiya jalb qilish va eksportni $1,2 mlrdga yetkazish maqsad qilingan. Ijtimoiy yo‘nalishda esa 100 ming nafar fuqaro bandligini ta’minlash va 31 ming oilani kambag‘allikdan chiqarish vazifasi qo‘yilgan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ