Samarqand viloyati uchun yana 250 ta elektrobus xarid qilinadi

$120 mlnlik loyiha Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki krediti hisobidan moliyalashtiriladi

Samarqand viloyati uchun yana 250 ta elektrobus xarid qilinadi

Samarqand viloyatida jamoat transportini modernizatsiya qilish doirasida qo‘shimcha 250 ta elektrobus xarid qilinishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Loyihaning birinchi bosqichida shaharga umumiy qiymati $49 mln bo‘lgan 100 ta Yutong rusumli elektrobus olib kelingan. Har bir transport vositasi 75 nafargacha yo‘lovchini sig‘dira oladi, shundan 30 tasi o‘rindiqli joylardir.

Elektrobuslarga xizmat ko‘rsatish uchun 4 gektar maydonda infratuzilma barpo etilgan. Hududda bir vaqtning o‘zida 50 ta transport vositasini quvvatlantira oladigan zaryadlash stansiyasi hamda ta’mirlash uchun mobil uskunalar bilan jihozlangan yopiq avtoturargoh mavjud. Hozirda elektrobuslar to‘qqizta shahar yo‘nalishida brutto-shartnomalar asosida harakatlanib, kuniga qariyb 70 ming yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatmoqda.

Ikkinchi bosqichda yana 250 ta elektrobus xarid qilinadi. Avtoparkni kengaytirish uchun $120 mln miqdorida Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki krediti jalb etiladi. Loyihaning amalga oshirilishi natijasida har kuni 32 ming litr yoqilg‘i tejalishi hamda atmosferaga chiqariladigan zararli chiqindilar hajmi 27 tonnaga kamayishi kutilmoqda.

Ayni paytda transport korxonasida 265 nafar xodim faoliyat yuritmoqda. Yangi texnika kelishi bilan qo‘shimcha 500 ta ish o‘rni yaratiladi.

Shuningdek, tashrif davomida Prezident Shavkat Mirziyoyev elektrobuslarga texnik xizmat ko‘rsatish va ta’mirlash bo‘yicha mutaxassislar tayyorlash uchun mahalliy o‘quv bazasini tashkil etish bo‘yicha topshiriq berdi. Shahar transportini raqamli boshqarish tizimi ham taqdim etildi.

Bundan tashqari, davlat rahbariga Gagarin va Rudakiy ko‘chalari kesishmasida barpo etilgan yangi avtomobil yo‘l o‘tkazgichi namoyish etildi. 600 metr uzunlikdagi tunnel qurilishi $12 mlnni tashkil etgan bo‘lib, uning kunlik o‘tkazuvchanlik quvvati o‘rtacha 50 ming avtomobilga teng. Loyiha xitoylik va turkiyalik qurilish kompaniyalari bilan hamkorlikda amalga oshirilgan.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

O‘zbekistonda havaskorlar o‘rtasida ADM Global Golf Tour boshlandi
/
O‘zbekistonda havaskorlar o‘rtasida ADM Global Golf Tour boshlandi
Buyuk Ipak yo‘li ko‘chasida 23,8 mlrd so‘mlik turistik zona barpo etiladi
/
Buyuk Ipak yo‘li ko‘chasida 23,8 mlrd so‘mlik turistik zona barpo etiladi
Fevral oyida aholining sezilgan inflyatsiyasi 11,6%ni tashkil etdi
/
Fevral oyida aholining sezilgan inflyatsiyasi 11,6%ni tashkil etdi