Samarqand viloyatida $7 mlrdlik 100 dan ortiq loyiha amalga oshiriladi

Yangi korxonalar ishga tushirilishi eksport salohiyatini $700 mlngacha oshirish va 18 mingta ish o‘rni yaratish imkonini beradi

Samarqand viloyatida $7 mlrdlik 100 dan ortiq loyiha amalga oshiriladi

Shavkat Mirziyoyev Samarqand viloyatiga tashrifi doirasida umumiy qiymati qariyb $7 mlrd bo‘lgan sanoat va ijtimoiy obyektlarni ishga tushirish hamda qurilishini boshlab berdi.

Hududning shahar va tumanlarida jami 106 ta loyiha amalga oshirilmoqda. Shundan 53 tasi — $2,4 mlrdlik obyektlar — foydalanishga topshirilgan. Ushbu korxonalar Avstriya, Xitoy, BAA, Turkiya, Hindiston va Rossiya kompaniyalari bilan hamkorlikda ishga tushirilgan.

Shu bilan birga, qiymati $4,6 mlrd bo‘lgan yana 53 ta obyekt qurilishi boshlandi. Bu loyihalarda Niderlandiya, Yaponiya, Janubiy Koreya, Xitoy, BAA, Turkiya, Rossiya va Eron kompaniyalari ishtirok etmoqda.

Yangi korxonalar tog‘-kon, geologiya, kimyo, elektrotexnika, avtomobilsozlik va qishloq xo‘jaligi sohalarini qamrab oladi. Shuningdek, investitsiyalar qurilish materiallari ishlab chiqarish, ta’lim, sog‘liqni saqlash, turizm va xizmat ko‘rsatish yo‘nalishlariga ham yo‘naltirilgan.

Barcha quvvatlar ishga tushirilgach, yiliga 13 trln so‘mlik sanoat mahsuloti ishlab chiqarish hamda eksport hajmini $700 mlngacha yetkazish rejalashtirilgan. Natijada 18 mingta yangi ish o‘rni yaratiladi.

Tadbir davomida suv ta’minoti tizimini modernizatsiya qilish masalalari ham ko‘rib chiqildi. Narpay tumanida sakkizta nasos stansiyasi davlat-xususiy sheriklik asosida xususiy sektorga berildi. 12,3 mlrd so‘mlik investitsiya hisobiga 21 ta nasos agregati yangilandi, buning natijasida yillik elektr energiyasi iste’moli 68,1 mln kVt-soatdan 34,1 mln kVt-soatgacha qisqardi.

Shuningdek, viloyat hokimiga suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha ilmiy maslahatchi biriktiriladi. Tarmoqda dual ta’lim tizimi ham joriy etilib, 72 nafar talaba uchun olti oylik amaliyot tashkil etiladi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Toshkentda 30-martdan 13-maygacha ichimlik suvi rejali o‘chiriladi
/
Toshkentda 30-martdan 13-maygacha ichimlik suvi rejali o‘chiriladi
Prezident Janubiy Koreyaning yangi Hyundai Rotem poyezdini sinovdan o‘tkazdi
/
Prezident Janubiy Koreyaning yangi Hyundai Rotem poyezdini sinovdan o‘tkazdi
Eskrou hisobvaraqlari orqali amalga oshiriladigan bitimlar bo‘yicha komissiyalar belgilandi
/
Eskrou hisobvaraqlari orqali amalga oshiriladigan bitimlar bo‘yicha komissiyalar belgilandi