Migratsiya agentligi Rossiyadagi o‘zbekistonlik yuk tashuvchilarni ogohlantirdi
Qayd etilishicha, ko‘plab fuqarolar Rossiya ichki ishlar organlarining “kirishi man etilgan shaxslar” ro‘yxatiga tushib qolmoqda

Migratsiya agentligi Rossiyada ishlayotgan o‘zbekistonlik xalqaro yuk tashuvchi haydovchilar Rossiya ichki ishlar organlarining “kirishi man etilgan shaxslar” ro‘yxatiga tushib qolayotganidan ogohlantirdi.
Ma’lum qilinishicha, 2025-yil holatiga ko‘ra, Rossiyadagi xalqaro avtoyuk tashishlarning 25% ga yaqini o‘zbekistonlik haydovchilar tomonidan amalga oshirilmoqda. Biroq migratsiya qoidalariga amal qilmaslik oqibatida ko‘plab fuqarolar Rossiya ichki ishlar organlarining “kirishi man etilgan shaxslar” ro‘yxatiga tushib qolmoqda.
Migratsiya agentligi har bir yuk avtomobili haydovchisi quyidagilarga qat’iy rioya qilishi shartligini bildirdi:
- chegaradan o‘tish vaqtida migratsion kartani aniq va to‘g‘ri to‘ldirish (maqsad grafasida — “turizm” emas, “slujebnaya” yoki “tranzit”ni ko‘rsatish).
- Rossiyaga kirgandan so‘ng 15 ish kuni mobaynida migratsiya ro‘yxatiga qo‘yilishi lozim (bu odatda qabul qiluvchi tashkilot yoki ish beruvchi zimmasida bo‘ladi).
- 90/365 muddatini doimiy ravishda nazorat qilish (ya’ni 365 kunlik davrda 90 kundan ortiq qolib ketmaslik);
- transport vositasi buzilishi yoki boshqa fors-major holat yuz bersa — albatta rasmiy akt yoki dalolatnoma olish.
Har bir harakat — faqat rasmiy hujjat bilan asoslangan bo‘lishi kerak. Takroriy huquqbuzarliklar 3–10 yil muddatga Rossiyaga kirish taqiqini keltirib chiqaradi, deyiladi agentlik xabarida.
Agar xato sodir bo‘lgan bo‘lsa, darhol Rossiya Ichki ishlar organlari (“GUVM MVD RF”)ga yozma ariza bilan murojaat qilish, hujjatlar orqali safarning haqiqiy maqsadini isbotlash, agar “kirishi taqiqlanganlar” ro‘yxatiga tushirishgan bo‘lsa, apellyatsiya berish orqali ro‘yxatdan chiqarishni talab qilish mumkinligi bildirildi. Migratsiya agentligi muammoli holatlarda agentlikning Rossiya Federatsiyasidagi vakolatxonasiga murojaat qilishga chaqirdi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ