Tojikistonning Rog‘un GESi O‘zbekistonga elektr energiyasini eksport qiladi
Stansiya hozircha 1-aprel — 30-sentabrgacha, keyinchalik esa yil davomida har oy yetkazadi

Фото: Пресс-служба президента
Tojikiston hukumati 30-iyun kuni qabul qilingan qaror bilan Rog‘un gidroelektrostansiyasidan (GES) elektr energiyasi yetkazib berish bo‘yicha O‘zbekiston bilan tuziladigan bitim loyihasini ma’qulladi.
GESdan elektr energiyasini “Uzenergosotish” korxonasi 1 kVt/soat uchun 3,4 sent narxda (QQS nol stavkada hisobga olingan holda) xarid qiladi. Ushbu narx rejalashtirilgan yetkazib berishning ikkinchi yilidan boshlab har yili 1% ga indeksatsiya qilinadi.
Yetkazib berish Tojikistonning “Barki Tojik” davlat kompaniyasidan elektr energiyasi importi bilan parallel ravishda amalga oshiriladi.
Tojikiston energiyani tomonlar kelishgan jadval asosida, asosan O‘zbekistonning Yagona elektr energetika tizimida quvvat yetishmovchiligi rejalashtirilgan soatlarda yetkazib beradi.
Rog‘un GES qurilish paytida elektr energiyasi vegetatsiya davrida (1-apreldan 30-sentabrgacha) yetkaziladi, stansiya to‘liq loyiha quvvatiga chiqqach esa yil davomida har oy yetkazib beriladi.
Bitim uzaytirilish imkoniyati bilan 20 yil muddatga tuziladi.
Tojikiston Rog‘un GES to‘g‘onini 2016-yilda qurishni boshlagan. GESning birinchi agregati 2018-yil noyabrda, ikkinchisi esa 2019-yil sentabrda ishga tushirilgan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ