Renovatsiya loyihalari aholining kamida 80% roziligi bilan amalga oshiriladi
Eski uy-joylarni sotib olish va hududlarni tayyorlash davlat investitsiya kompaniyalari zimmasiga yuklanadi
O‘zbekistonda uy-joy fondini yangilashga qaratilgan renovatsiya loyihalari aholining kamida 80% roziligi asosida amalga oshiriladi. Bu haqda Milliy urbanizatsiya qo‘mitasi raisi Sherzod Qudbiyev ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, loyihalarni amalga oshirishda asosiy e’tibor ko‘pchilik aholining manfaatlariga qaratiladi. Avval 100% rozilik talabi ko‘rib chiqilgan bo‘lsa-da, keyinchalik bu ko‘rsatkich 80% etib belgilangan. Sababi, ayrim ko‘chmas mulklar hujjatlari bilan bog‘liq muammolar mavjud bo‘lib, amalda qarshilik bildirayotganlar ulushi 5–7% dan oshmaydi.
Yangi tartibga ko‘ra, renovatsiya hududlaridagi eski uy-joylarni sotib olish bilan faqat davlat investitsiya kompaniyalari shug‘ullanadi. Ular mulk egalarining 80% bilan kelishuvga erishgach, qolgan masalalarni sud orqali hal qilish huquqiga ega bo‘ladi.
Hududlardagi xususiy uy egalari yashash sharoitini saqlab turish uchun ta’mirlash ishlarini amalga oshirishi mumkin, biroq qo‘shimcha qurilishlarga ruxsat berilmaydi. Bu kelgusida kompensatsiya bilan bog‘liq muammolarni oldini olishga qaratilgan. Shu bilan birga, davlat yer uchastkalari olib qo‘yilganda to‘liq kompensatsiya to‘lanishini kafolatlaydi.
Shuningdek, yangi mexanizmga ko‘ra, hududlar davlat tomonidan tayyorlanib, bosh reja ishlab chiqiladi, yer maydonlari lotlarga ajratiladi va ochiq savdolarga chiqariladi. Bu esa quruvchilar uchun jarayonni soddalashtirib, aholiga nisbatan kelishmovchiliklarni kamaytirishi hamda yangi uy-joylar tannarxining pasayishiga xizmat qilishi kutilmoqda.
Aprel oyi boshida senatorlar shaharsozlik renovatsiyasi to‘g‘risidagi qonunni tasdiqlagan edi. Hujjat maqsadli hudud aholisining 80%i notarial rozilik bergan taqdirda loyihalarni ko‘rib chiqish imkonini beradi, binolarni demontaj qilishga esa barcha mulkdorlar bilan moliyaviy hisob-kitoblar to‘liq yakunlangandan keyingina ruxsat beriladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ