O‘zbekiston rezidentlariga kapital bozorida “regulyator qumdoni”da ishtirok etish ruxsat etildi
Maxsus huquqiy rejim muddatsiz bo‘ldi, mahalliy kompaniyalar uchun imkoniyatlar kengaydi
Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
O‘zbekistonda mahalliy kompaniyalarga kapital bozori sohasida “regulyator qumdoni” maxsus huquqiy rejimida ishtirok etish huquqi berildi. Bu haqda Adliya vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Avval ushbu rejimda faqat ayrim yurisdiksiyalardagi xorijiy yuridik shaxslar qatnashishi mumkin edi. Endilikda esa rezident tashkilotlar ham norezidentlar bilan teng sharoitda ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, “regulyator qumdoni”ning amal qilish muddati endi cheklanmaydi va u doimiy asosda faoliyat yuritadi.
Shuningdek, arizachilarga rad javobi berish mezonlari ham belgilandi. Xususan, moliya sohasida ilgari qayd etilgan qonunbuzarliklar yoki nazorat organining “asoslangan xulosasi” mavjud bo‘lsa, ro‘yxatdan o‘tkazish rad etilishi mumkin. Bu baholashda kompaniya faoliyatining haqiqiy mazmuni hujjatlardan ustun qo‘yiladi.
Mazkur rejim ishtirokchisi maqomi bekor qilinishi ham mumkin. Bunga ikki oy davomida hisobot taqdim etmaslik, maxsus rejim qoidalarini buzish yoki tekshiruv jarayonida professional nomuvofiqliklar aniqlanishi asos bo‘ladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ