Raqobat qo‘mitasining ko‘rsatmasidan so‘ng “Beeline” kunlik to‘lov xizmatini boshqarish imkoniyatini joriy qildi
Endilikda iste’molchilardan oy uchun to‘lov yetarli bo‘lmagan hollarda ogohlantirishsiz kunlik tarifga o‘tkazilmaydi

Foto: Beeline
Raqobat qo‘mitasining “Beeline”ga bergan ko‘rsatmasidan so‘ng abonentlar uchun kunlik to‘lov xizmatini boshqarish imkoniyati joriy qilindi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar qildi.
Avvalroq qo‘mitaga “Beeline” foydalanuvchilari oy yakunida abonent hisobida oy uchun to‘lov yetarli bo‘lmagan hollarda mijozlarga ogohlantirishsiz kunlik tarifga o‘tkazilishi va ushbu to‘lov ham avtomatik tarzda yechilishidan shikoyat qilgandi.
Qo‘mitaga kelib tushgan murojaatlar asosida o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida iste’molchilar shikoyati o‘z tasdig‘ini topgan.
Qo‘mita ko‘rsatmasiga asosan, kompaniya “kunlik abonent to‘lovi rejimiga o‘tish” xizmatini boshqarish imkoniyatini joriy etdi. Bu haqda kompaniya rasmiy saytida e’lon qilindi va tegishli tariflarga ulangan abonentlarga SMS orqali xabar yuborildi. Endilikda, abonentlar mazkur xizmatni USSD kod, Hambi mobil ilovasi, aloqa markazi yoki savdo ofislari orqali o‘chirishi yoki faollashtirishi mumkin.
Xizmatdan foydalanish bepul. Unga ulanish kodi — *110*1988#, o‘chirish kodi — *110*1990#, tekshirish kodi — *110*09#.
Qo‘mita “Beeline” ning ushbu ko‘rsatmani bajarganini e’tirof etib, iste’molchilarga xizmat shartlari bilan tanishib chiqish hamda o‘z huquq va majburiyatlariga rioya qilishni tavsiya etdi. Avvalroq, xuddi shunday ko‘rsatmalar Ucell va Mobiuz operatorlariga ham berilib, ijrosi ta’minlangan edi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ