O‘zbekistonda iste’molchilar huquqlarini himoya qilish: raqamli markirovkaning roli

Iste’molchilar o‘rgangan bo’lishi va o‘z huquqlaridan xabardor bo‘lishi, vijdonsiz harakatlarning oldi olinishi muhimdir

O‘zbekistonda iste’molchilar huquqlarini himoya qilish: raqamli markirovkaning roli

Har yili 15-mart Butunjahon iste’molchilar huquqlarini himoya qilish kuni sifatida nishonlanadi. Bu kun iste’molchilar huquqlarini himoya qilish har qanday mamlakat, shu jumladan O‘zbekiston iqtisodiyotining ajralmas qismi ekanligini eslatib turadi.

Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish ko‘plab jihatlarni: mahsulotlar va xizmatlar haqida shaffoflik va xabardorlikdan tortib, bozorda raqobatni rivojlantirish va firibgarlikning oldini olishgacha o‘z ichiga oladi. Iste’molchilar o‘rgangan bo’lishi va o‘z huquqlaridan xabardor bo‘lishi, vijdonsiz harakatlarning oldi olinishi muhimdir.

1996-yil 26-aprelda “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilinganidan buyon mamlakatda har bir iste’molchining sifatli va xavfsiz tovarga ega bo‘lish, shuningdek, u haqda zarur axborot olish huquqi kafolatlanmoqda. Davlat fuqarolarning huquqlarini qo‘riqlaydi, mahsulotlarni sotib olish va ulardan foydalanishda ularning manfaatlari himoya qilinishini ta’minlaydi.

Foydali raqamli instrument

Bugungi kunda iste’molchilarning huquq va manfaatlarini himoya qilish sohasidagi muhim loyihalardan biri mahsulotlarni raqamli markirovkalashdir. Ushbu tashabbus kontrafakt mahsulotlarga qarshi kurashish va iste’molchilarni sifatsiz mahsulotlardan himoya qilishga qaratilgan. Tizim har bir mahsulot birligini Data Matrix noyob matritsali kodi yordamida identifikatsiya qilish va logistika zanjirida tovarlarning to‘liq kuzatib borilishini ta’minlash imkonini beradi. Bu mahsulotning egizaklari paydo bo‘lishini va mahsulotlarni, shu jumladan yaroqlilik muddati tugagan tovarlarni bozorga takroran chiqarish imkoniyatini istisno etadi.

Raqamli markirovkani joriy etish, ayniqsa, aholi salomatligini muhofaza qilish nuqtai nazaridan dolzarbdir. Tizim birinchi navbatda iste’molchilar uchun yaratilganini hisobga olsak, Asl Belgisi mobil ilovasi jamoatchilik nazoratining samarali vositasi bo‘lib xizmat qiladi, fuqarolarga mahsulotning noqonuniyligini (shu jumladan, kontrafakt va kontrabanda) aniqlash va asl mahsulotni tanlash imkoniyatini berish orqali ularning huquqlarini himoya qilishga yordam beradi.

Bir necha tugmani bosish orqali har bir xaridor qadoqdagi kodni skanerlab, mahsulotning aslligini osongina tekshirishi mumkin. Data Matrix kodining noyob identifikatorini nusxalash yoki soxtalashtirish mumkin emas. Bu nafaqat vijdonsiz sotuvchilarning firibgarligidan qochish imkonini beradi, balki xarid qilinayotgan mahsulot sifatini ham tasdiqlaydi. Iste’molchilar aynan ular pul to‘lagan tovarni sotib olayotganliklariga va u e’lon qilingan xususiyatlarga mos kelishiga ishonch hosil qilishlari mumkin.

Iste’molchiga eslatma

Mahsulot qadog’ida ishlab chiqaruvchining nomi, ishlab chiqarilgan yoki sotilgan joyi, sanasi va vaqti, yaroqlilik muddati, artikuli, davlat standartlari va me’yorlariga muvofiqligini tasdiqlovchi hujjatning mavjudligi kabi asosiy ma’lumotlarning yo‘qligi sotuvchi xaridorni chalg‘itayotganini va uning halol va shaffof shartlarga bo‘lgan huquqini cheklayotganini anglatishi mumkin.

Iste’molchilar o‘z manfaatlarini himoya qilish uchun mahsulotda raqamli markirovka mavjudligini sinchkovlik bilan tekshirishlari kerak. Qadoqda mahsulot haqida barcha muhim ma’lumotlar ko‘rsatilishi kerak. Shuningdek, cheklarni saqlash va nomuvofiqliklarni qayd etish maqsadga muvofiqdir. Qoidabuzarliklar aniqlanganda, xaridor qadoqni suratga olishi va xarid hujjatlarini saqlab qo‘yishi mumkin — ular davlat nazorat organi tomonidan javob choralarini ko‘rish uchun asos bo‘lgan shikoyatni topshirishda yordam beradi. Bunday oddiy harakatlar bozordagi vaziyatni yaxshilashga yordam beradi.

Ijtimoiy javobgarlik

Raqamli markirovkalash standartlariga rioya qilish nafaqat iste’molchilar, balki biznes uchun ham foydali. Markirovkaga mas’uliyat bilan yondashish iste’molchilar ishonchini mustahkamlaydi va kompaniya obro‘sini oshiradi. Qadoqda barcha kerakli ma’lumotlarni ko‘rsatish nizolarning oldini olishga va sodiq auditoriyani jalb qilishga yordam beradi.

Mahsulot sifati va xavfsizligi masalalari har bir xaridor uchun dolzarb bo‘lib qolmoqda. Zamonaviy bozor iste’molchilar o‘zlarini himoyalangan his qilishlari uchun barcha me’yor va standartlarga rioya qilishni talab qiladi. Tafsilotlarga e’tibor nafaqat xaridorlarga g‘amxo‘rlik qilish, balki biznes va jamiyat o‘rtasidagi yanada shaffof va mas’uliyatli munosabatlarga qo‘yilgan qadamdir.

Davlat tuzilmalari va jamoatchilikning birgalikdagi sa’y-harakatlari bozorni yanada shaffof va xavfsiz qiladi. Raqamli markirovkalash standartlarga javob bermaydigan mahsulotlarni muomaladan chiqarishga yordam beradi. Ushbu keng ko‘lamli tashabbusning amalga oshirilishi mamlakatning har bir fuqarosiga sifatli va xavfsiz mahsulotlarni ongli ravishda tanlash imkonini beradi.

Bugungi kunda sifat nazorati — bu aholi salomatligi haqida qayg‘urish va yuqori standartlarga intilayotgan tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlashdir. Tekshirilgan mahsulotlar foydasiga ongli iste’molchi tanlovi — bu o‘z sog‘ligingiz va atrofdagilarning xavfsizligiga hissa qo‘shishdir.

Eslatma, O‘zbekistonda tamaki mahsulotlari, alkogol, pivo, dori vositalari, maishiy texnika, suv va salqin ichimliklar kabi oltita toifadagi mahsulotlarni majburiy markirovkalash joriy etilgan. Shuningdek, 2025-yil 1-martdan boshlab tovarlarning yana bir toifasi — BFQlarni ixtiyoriy ravishda markirovkalash bo‘yicha loyiha amalga oshirilmoqda. Keyinchalik ro‘yxat to‘ldirib boriladi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

O‘zbekistonda Uzum Tezkor ustun mavqega ega deb topildi
/
O‘zbekistonda Uzum Tezkor ustun mavqega ega deb topildi
O‘zbekistonda “Leapmotor” avtomobillarini sertifikatlash vaqtincha to‘xtatildi
/
O‘zbekistonda “Leapmotor” avtomobillarini sertifikatlash vaqtincha to‘xtatildi
O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iz Respublikasi o‘rtasida savdo maydonchasi tashkil etilishi mumkin
/
O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iz Respublikasi o‘rtasida savdo maydonchasi tashkil etilishi mumkin