Aholi uchun quyosh panellari va issiqlik nasoslariga subsidiya ajratiladi
Subsidiya energiya auditi xulosasiga ko‘ra o‘rnatilgan qurilma va uskunalar uchun beriladi
Hukumat qarori bilan aholi uy-joylarini energiya auditidan o‘tkazish, energiya samarador qurilmalarni xarid qilish va o‘rnatishda subsidiya ajratish to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
Nizom aholi uy-joylarini energiya auditidan o‘tkazish xarajatlarini to‘liq qoplash, quyosh panellari, geliokollektorlar, issiqlik nasoslari hamda boshqa maishiy isitish qozonlari, qurilma va uskunalarni xarid qilish va o‘rnatish xarajatlarining bir qismini qoplash uchun subsidiya ajratish tartibini belgilaydi.
Subsidiya talabgorga aholi uy-joylariga energiya samarador qurilma va uskunalar energiya auditori xulosasi asosida o‘rnatilganda beriladi.
Talabgor tomonidan qurilma va uskunalar xarajatlari uchun to‘lovlar subsidiya ajratiladigan qism chegirib tashlangan holda amalga oshiriladi. Qurilma va uskunalar xarajatlarining subsidiya qilinadigan qismi Energiya samaradorligi milliy agentligi tomonidan yetkazib beruvchiga to‘lab beriladi.
Subsidiya quyidagi miqdorlarda ajratiladi:
- aholi uy-joylarini energiya auditidan o‘tkazish xarajatlarining 100% i miqdorida;
- aholi uy-joylariga quyosh panellari, geliokollektorlar hamda boshqa maishiy isitish qozonlari, qurilma va uskunalarni xarid qilish va o‘rnatish xarajatlarining 20% i miqdorida;
- aholi uy-joylariga issiqlik nasoslarini xarid qilish va o‘rnatish xarajatlarining 40% i miqdorida, bunda ushbu yo‘nalishda ajratiladigan subsidiya miqdori bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravaridan oshmasligi lozim.
Agar talabgor tijorat banklaridan “yashil” kreditlarni olish maqsadida uy-joylarni energiya auditidan o‘tkazish so‘rovini yuborish orqali shartnoma rasmiylashtirganda, shartnoma mablag‘i 100% miqdorda oldindan o‘tkaziladi va platformada vaqtincha band qilinadi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ