O’zbekiston va Quvayt o’rtasida muntazam aviaqatnovlarni yo’lga qo’yiladi
Ikki mamlakat o‘rtasidagi haftalik aviaqatnovlarni har bir tomondan 14taga yetkazish reajalashtirildi
Фото: Министерство транспорта
Malayziyaning Kuala-Lumpur shahrida bo‘lib o‘tgan ICAOning ICAN-2024 tadbirida O‘zbekiston Quvayt bilan muzokaralar olib bordi.
Ayni paytda ikki mamlakat o‘rtasida amalga oshirib kelinayotgan aviaqatnovlar 1994-yilda imzolangan bitim asosida bajarilmoqda. Uchrashuvda uning shartlari qayta ko‘rib chiqildi.
Mamlakatlar hududida yangi aviakompaniyalar tashkil etilganligi hisobiga xususiy aviakompaniyalarning yangi yo‘nalishlarda aviaqatnovlarini yo‘lga qo‘yish, aviatsiya bozorini to‘liq liberallashtirish hamda tadbirkorlarga imkoniyatlar yaratish maqsadida mazkur bitim shartlarini qayta ko‘rib chiqish zarurati yuzaga kelganligi qayd etildi.
O‘zbekiston va Quvayt Transport vazirliklari hamda ikki mamlakat Tashqi ishlar vazirliklari tomonidan yangi tahrirda ishlab chiqilgan aviaqatnovlar to‘g‘risidagi bitim ikki mamlakat aviatsiya hukumatlari rahbarlari tomonidan parafirlandi.
Yangi bitim ikki mamlakat o‘rtasida har bir tomondan faqatgina bittadan tayinlangan aviakompaniya parvozlarni amalga oshirishi mumkinligi to‘g‘risidagi cheklovni bekor qiladi hamda bir qatorda yangi kelishuv shartlarini o‘z ichiga oladi.
O’tgan yil davomida O‘zbekistondan 95 mingdan ziyod aviayo‘lovchilar Quvayt orqali Saudiyaga “Umra” ziyoratini amalga oshirgan. Ularning aksariyati Quvayt hududida qisqa muddatli turizmni amalga oshirgan. O‘z navbatida, Quvaytdan O‘zbekistonga 1 mingga yaqin turistlar tashrif buyurgan. Ularning aksariyati qisqa muddatli turizmdan so‘ng, O‘shga chiqib ketgan.
Tahlillar natijasida, “Ziyorat turizmi»ni kengaytirish maqsadida ikki mamlakat o‘rtasidagi haftalik aviaqatnovlarni har bir tomondan 14taga yetkazish reajalashtirildi.
Shu bilan birga, belgilangan shaharlar soni bo‘yicha cheklovni bekor qilish orqali O‘zbekistonning barcha aeroportlaridan Quvaytga parvozlarni amalga oshirish imkoniyatini beruvchi yana bir kelishuv imzolandi.
Bu kelishuvlar O‘zbekistonning hududiy aeroportlarida yangi xalqaro yo‘nalishlarda yo‘lovchi oqimini oshirishi hamda ko‘proq turistlarni jalb qilishi ta’kidlandi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ