Qurilish loyihalarida “shamollar yo‘nalishi” ekologik ekspertizada hisobga olinadi
Shuningdek, loyiha-smeta va shaharsozlik hujjatlari uchun ekologik ekspertiza xulosasini olish majburiy bo‘ladi
Фото: Kapital.uz
O‘zbekistonda qurilish loyihalarini ekologik ekspertizadan o‘tkazishda “shamollar yo‘nalishi” (roza vetrov) o‘zgarishi majburiy tarzda inobatga olinadi. Bu Prezidentning atmosfera havosi sifatini yaxshilashga qaratilgan farmonida belgilangan.
Hujjatga muvofiq, qurilish sohasida ekologik talablar kuchaytiriladi. 2026-yil 1-iyundan boshlab qurilish maydonlarida fon monitoringi stansiyalari, perimetr bo‘ylab va chiqish joylarida onlayn kameralar o‘rnatilishi shart bo‘ladi. Ushbu tizimlar Ekologiya qo‘mitasining yagona geoinformatsion bazasiga ulanadi.
Qurilish kompaniyalari tomonidan ekologik qoidalar buzilgan taqdirda, ularning “Shaffof qurilish” platformasidagi reytingi pasaytiriladi.
Shuningdek, endilikda barcha loyiha-smeta va shaharsozlik hujjatlari uchun ekologik ekspertiza xulosasini olish majburiy bo‘ladi. Ekspertiza jarayonida hududdagi shamollar oqimi va uning o‘zgarishi ham alohida baholanadi.
Davlat qurilish inspeksiyasining vakolatlari kengaytirilib, qurilish maydonlaridan chiqayotgan chang va zararli chiqindilarga qarshi nazorat kuchaytiriladi. 2026-yil 1-dekabrgacha chang ifloslanishini oldini olish bo‘yicha alohida qoidalar ishlab chiqilishi belgilangan.
Bundan tashqari, Toshkent va Yangi Toshkent hududlarida qurilish chiqindilarini yig‘ish, tashish va qayta ishlash tizimini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha loyiha ishlab chiqiladi.
Shu bilan birga, 2027-yil mayiga qadar 2035-yilgacha mo‘ljallangan ekologik va suv resurslarini boshqarish bo‘yicha master-reja ishlab chiqilishi rejalashtirilgan. Loyihaga xorijiy kompaniyalar va ilmiy markazlar jalb etiladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ