Senat qurilish oynalariga utilizatsiya yig‘imi joriy etilishini ma’qulladi
Qonun shishani qayta ishlash jarayonini tartibga solish va ekologik chiqindilarni kamaytirishga qaratilgan
Oliy Majlis Senati O‘zbekistonda qurilish oynalari uchun utilizatsiya yig‘imini joriy etish ko‘zda tutilgan qonunni ma’qulladi. 1-noyabr kungi yalpi majlisda “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun ko‘rib chiqildi.
Qonun bilan “Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi va “Chiqindilar to‘g‘risida”gi qonunlarga qurilish oynasidan foydalanish natijasida yuzaga keladigan chiqindilarni qayta ishlash xarajatlarini qoplash uchun utilizatsiya yig‘imini joriy etishni belgilovchi tutuvchi qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Qonun loyihasi Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Sayyora Abdikarimova tomonidan taqdim etildi.
Uning qayd etishicha, qonunning qabul qilinishi qurilish oynasi sanoatini rivojlantirishga, ekologik xavfsizlikni ta’minlash, fuqarolar sog‘lig‘ini va atrof-muhitni o‘z iste’mol xususiyatlarini yo‘qotgan qurilish oynasidan hosil bo‘ladigan chiqindilarning zararli ta’siridan himoya qilish va qayta ishlash bilan bog‘liq faoliyatni rivojlantirishga xizmat qiladi.
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri o‘rinbosari Iskandar Qutbiddinov ta’kidlashicha, shishani qayta ishlash plastik va qog‘ozni qayta ishlashga nisbatan ancha murakkab jarayon hisoblanadi. Shu bilan birga, ikkilamchi xomashyoning qiymati past darajada qolmoqda: plastik 1 kilogrammi uchun 3−5 ming so‘mga, qog‘oz — 2−3 ming so‘m, shisha — atigi 500−1000 so‘mga baholanmoqda.
Uning so‘zlariga ko‘ra, chiqindilarni qayta ishlash bilan shug‘ullanuvchi kompaniyalar mablag‘larining 70−75 foizini ularni yig‘ish, saqlash va tashish xarajatlariga sarflashga majbur bo‘lmoqda.
Qutbiddinovning aytishicha, yangi yig‘imning joriy etilishi qurilish shishasini utilizatsiya qilish tizimini rivojlantirishga, jumladan, ularni qayta ishlash bilan shug‘ullanuvchi operatorlar faoliyatini yo‘lga qo‘yishga va tovar hamda qadoqlash buyumlari chiqindilarini monitoring qilish platformasini ishga tushirishga qaratilgan.
Muhokama yakunida qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ