Endilikda O‘zbekistonda qurilish maydonlarida ortiqcha chang chiqarilganda jarima qo‘llaniladi
Yil davomida korxona tomonidan bunday holat takrorlansa, jarima BHMning 50 baravarigacha oshiriladi

Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
Senatning navbatdagi yalpi majlisda Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimchalar va o‘zgartirishlar kiritildi.
Statistik maʼlumotlarga qaraganda respublikamizda 500 kvadrat metrlik ochiq qurilish maydonidan yiliga 50 tonnagacha chang va qum havoga ko‘tariladi.
Aslida, qurilish hududlari, unga kirib-chiqish yo‘llarida chang va qum zarrachalarining havoga ko‘tarilishini bartaraf etish bo‘yicha majburiy talablar (changni bostirish uchun osma yomg‘irlatgich va suv purkagichlardan foydalanish) shaharsozlik qoidalariga kiritilgan.
Biroq milliy qonunchilikda atmosfera havosini muhofaza qilish talablari va shaharsozlik qoidalari doirasida aynan qurilishda changni havoga ko‘tarilishiga yo‘l qo‘yganlik uchun aniq javobgarlik nazarda tutilmagan.
Senatorlar tomonidan ko‘rib chiqilgan qonun bilan Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks ushbu turdagi huquqbuzarlik uchun javobgarlikni belgilovchi modda bilan to‘ldirilmoqda.
Endilikda o‘lchami 500 kvadrat metr va undan ortiq bo‘lgan qurilish maydonida, unga tutash bo‘lgan hududda hamda undan chiqish yo‘llarida chang va qum zarrachalarining havoga ko‘tarilishini bartaraf etishga doir majburiy talablarni buzish yoxud ushbu hududlarda ifloslantiruvchi moddalarning yo‘l qo‘yiladigan doiradagi normativlardan ortiq darajada atmosfera havosiga chiqarilishiga yo‘l qo‘yish mansabdor shaxslarga BHMning 10 baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘lishi nazarda tutilmoqda.
Bundan tashqari, agar shunday huquqbuzarlik maʼmuriy jazo chorasi qo‘llanilganidan so‘ng bir yil davomida takroran sodir etilsa, BHMning 50 baravari miqdorida jarima qo‘llaniladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ