O‘zbekiston 2025-yilda $1,2 mlrdlik qurilish materiallarini eksport qilishni rejalashtirmoqda
Shuningdek, qiymati $100 mlnlik 204 ta investitsiya loyihasi amalga oshiriladi

Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
O‘zbekiston 2025-yilda $1,2 mlrdlik qurilish materiallarini eksport qilishni rejalashtirmoqda, deya ma’lum qildi “O‘zsanoatqurilishmateriallari” assotsiatsiyasi matbuot kotibi Jamshid Shermetov.
Joriy yilda respublikada qurilish materiallari ishlab chiqarish hajmi 50 trln so‘mga yetishi kutilmoqda.
Assotsiatsiya 18 mln tonna sement, 48,2 mln kv/metr shisha, 52 mln kv/metr keramik plitka, 95 mln kv/metr gipsokarton va boshqa mahsulotlar ishlab chiqarishni rejalashtirgan.
Bundan tashqari, sohada qiymati $100 mlnlik 204 ta investitsiya loyihasi amalga oshiriladi hamda 14,2 ming nafar o‘zbekistonlik ish bilan ta’minlanadi.
Latviya, Qozog‘iston, Tojikiston, AQSh, Rossiya va Afg‘onistonda O‘zbekiston savdo uylari va omborlari ochiladi. Bu orqali mamlakatning 20 dan ortiq yirik korxonalari xorijiy xaridorlarga mahsulot yetkazib berishdan qo‘shimcha $250 mln daromad oladi.
Assotsiatsiyaning dastlabki hisob-kitoblariga ko‘ra, O‘zbekistonda qurilish sohasi umumiy daromadi qariyb $2,4 mlrdni tashkil etadi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ