Raqobat qo‘mitasi “ZAMIN GREAT CITY” ga nisbatan ish qo‘zg‘atdi
Kompaniya qurilish ishlarini vaqtida tugatmay iste’molchilar huquqini buzgan

Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
Raqobat qo‘mitasi Maxsus komissiyasi tomonidan “ZAMIN GREAT CITY” MCHJga nisbatan ish qo‘zg‘atdi.
Kelib tushgan murojaatga ko’ra, Toshkent shahri, Bektemir tumanidagi ko‘p qavatli turarjoydan 39,47 kv.m maydonga ega 2 xonali xonadonni sotib olish uchun 252,6 mln so‘m to‘lov amalga oshirilgan. Shartnoma bo‘yicha qurilish muddati 2024-yil 4 chorak etib belgilangan bo‘lishiga qaramay, hanuzgacha uy topshirilmagani va qurilish ishlari to‘xtab qolgani aniqlangan.
Qonunga muvofiq, iste’molchi belgilangan muddatda uy topshirilmagan taqdirda, shartnomadan voz kechish, yetkazilgan zararni qoplash va to‘langan mablag‘ni qaytarish huquqiga ega. Shuningdek, ijrochi qurilish muddatini buzgani uchun qonunchilikda nazarda tutilgan penya va boshqa majburiyatlarni bajarishi shart.
Yuqoridagilardan kelib chiqib qurilish muddatlariga amal qilish, iste’molchilarning qonuniy huquqlarini himoya qilish va ularning moddiy manfaatlarini tiklash bo‘yicha chora-tadbirlar belgilandi.
Ma’lumot uchun: O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasiga 2024-yilda qurilishda iste’molchilar huquqlarini buzilishi masalasi bo‘yicha 1640 ta 2025 yil o‘tgan davri mobaynida 234 ta murojaatlar kelib tushgan bo‘lib, ko‘rib chiqish natijasida jami 16,1 mlrd so‘m mablag‘ qayta hisob-kitob qilingan.
Raqobat qo‘mitasi iste’molchilarni qurilish shartnomalarini imzolashda ehtiyotkor bo‘lishga, qurilish kompaniyalarini esa shartnomaviy majburiyatlariga qat’iy rioya qilishga chaqirib qoladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ