Fermerlar uchun agroxizmatlar bo‘yicha “Raqamli qishloq xo‘jaligi” yagona platformasi ishga tushiriladi
Shuningdek, barcha suv omborlariga “aqlli” hisoblagichlar o‘rnatib, suv miqdorini onlayn kuzatiladi

Foto: Prezident matbuot xizmati
Prezident Shavkat Mirziyoyev 31-iyul kuni qishloq xo‘jaligida kosmik ma’lumotlardan foydalanish va raqamlashtirish chora-tadbirlari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.
2024-yil 14-oktyabrdagi Prezident farmoniga muvofiq, iqtisodiyot tarmoqlarida aerokosmik texnologiyalar joriy etilmoqda. Ikki yil mobaynida sohada foydalanilayotgan 4 mln gektardan ziyod yerlar kosmik monitoring qilindi. Aniqlanishicha, hisobotlarda ko‘rsatilgan ayrim maydonlarda paxta ekilmagan, ba’zan esa zaxiradagi yoki egasi noma’lum yerlarga ekilgan. Buning oldini olish uchun masofaviy monitoring qiladigan tizim yo‘lga qo‘yilishi belgilandi.
Iqlim o‘zgarishi va suv taqchilligidan kelib chiqib, yurtimizda kam suv talab qiladigan yangi navlar va agrotexnologiyaga o‘tilmoqda. Lekin ekinlarni sug‘orishda suv sarfi me’yori hozirgi haqiqatdagi talabga javob bermasligi ko‘rsatib o‘tildi. Gidromodul rayonlashtirish yondashuvi ham eskirgan. Oqibatda kanallar oxirida joylashgan 3 mingdan ziyod fermerga suv yetib bormayapti.
Qishloq va suv xo‘jaligi tizimidagi ilmiy institutlarni jalb qilgan holda sug‘orish me’yori va gidromodul rayonlashtirishni to‘liq yangilash, fermerlar sarflayotgan suvning hisoblash uchun raqamlashtirish vazifasi qo‘yildi.
So‘nggi ikki yilda 60 ta yirik suv ombori ilk bor batimetrik tahlildan o‘tkazildi. Loyqa cho‘kkani sababli ayrimlarining sig‘imi kamaygani aniqlandi.
Shu bois barcha suv omborlariga “aqlli” hisoblagichlar o‘rnatib, suv miqdorini onlayn kuzatish, ulardagi loyqani kamaytirish vazifalari ko‘rsatib o‘tildi.
Hozir fermerlar yer, kredit, subsidiya va agroxizmatlar bo‘yicha 30 dan ortiq platformadan foydalanyapti. Buni osonlashtirish uchun ular birlashtirilib, “Raqamli qishloq xo‘jaligi” yagona integratsion platformasi ishga tushiriladi.
Endi dalasiga nima ekishni fermerning o‘zi hal qiladi. Buni platformaga ham uning o‘zi kiritadi. Natijada asosiy, takroriy va to‘qsonbosti ekinlar miqdori oldindan ko‘rinadi.
Bosh vazir o‘rinbosari J.Qo‘chqorov boshchiligida oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha komissiya tuzilishi belgilandi. Yetishmayotgan mahsulotni ko‘paytirish uchun imtiyozli kredit va subsidiya beriladi.
Sohada foydalanish uchun kuzda 100 dan ziyod zamonaviy dron olib kelinadi. Mutasaddilarga xususiy sektorni jalb etib, fermerlarga dronlar yordamida xizmatlarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.
Somonpoyalarni yoqishga chek qo‘yishning qonuniy asoslarini yaratish zarurligi aytildi.
Kosmik tadqiqotlarda qurilish, kadastr, noruda konlari, o‘rmon va yaylov yerlari bo‘yicha ham tahlillar borligi ta’kidlanib, vazirlar va hokimlarga ularni o‘rganib, rejalar ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ