O‘zbekistonda qayta sug’urta kompaniyasi tashkil etiladi
Kamida 300 mlrd so‘m ustav kapitalga ega aksiyadorlik jamiyatining 50% aksiyalarini ILMA boshqaradi
 
								27-oktabr kuni Vazirlar Mahkamasi O‘zbekistonda milliy qayta sug‘urta kompaniyasini tuzish to‘g‘risidagi qarorni ma’qulladi. Qaror tafsilotlari Lex.uz portalida e’lon qilindi.
Yangi tashkil etiladigan “O‘zbekiston qayta sug’urta kompaniyasi” kamida 300 mlrd so‘m ustav kapitalga ega aksiyadorlik jamiyati shaklida faoliyat yuritadi. Uning aksiyalarining yarmi Istiqbolli loyihalar milliy agentligiga, qolgan 50%i esa xususiy investorlarga tegishli bo‘ladi.
Hujjatga ko‘ra, kompaniya faoliyatiga yetakchi xorijiy qayta sug‘urta tashkilotlarini ham sherik sifatida jalb etish rejalashtirilgan.
Shuningdek, hukumat kompaniyaga xorijiy banklarda hisobvaraqlar ochish, ulardan to‘lovlarni amalga oshirish, sug‘urta to‘lovlari hamda investitsiya bilan bog‘liq operatsiyalarni bajarish huquqini berdi.
Kompaniya, bundan tashqari, eng yaxshi takliflar asosida (onlayn savdolar o‘tkazmasdan) asbob-uskunalar, texnika, aloqa vositalari va dasturiy ta’minot xarid qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Qarorga muvofiq, Istiqbolli loyihalar milliy agentligi kompaniya tashkil etilganidan keyin bir oy ichida ustav kapitalining 5% ini to‘lashi lozim. Qolgan mablag‘ yil davomida har chorakda teng ulushlarda kiritiladi.
Shuningdek, 2031-yil 1-yanvargacha kompaniyadagi davlat ulushidan olinadigan dividendlar to‘liq ILMA hisobvarag‘iga o‘tkaziladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ
 
				 
															 
															