Qashqadaryo viloyatiga $3,5 mlrd investitsiya jalb etish rejalashtirilmoqda
Olti tumanni kambag‘allikdan chiqarish va Germaniya kompaniyalari uchun kadrlar tayyorlash maqsad qilingan
Фото: пресс-служба президента
Prezident Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryo viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish natijalari va ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.
2026-yilda viloyat iqtisodiyotini 8,2% ga, sanoat ishlab chiqarishini esa 8,6% ga oshirish rejalashtirilgan. Eksport hajmini $727 mlnga yetkazish maqsad qilingan. Ushbu ko‘rsatkichlarga erishish uchun umumiy qiymati $1,7 mlrd bo‘lgan 195 ta sanoat loyihasini ishga tushirish hamda mavjud quvvatlarni kengaytirish ko‘zda tutilgan.
Muborak va Qarshi tumanlarida yangi innovatsion va texnologik sanoat zonalari tashkil etiladi. Ikki yil davomida bu hududlarda $1,1 mlrddan ortiq qiymatdagi 36 ta loyiha amalga oshirilib, 6 mingga yaqin ish o‘rni yaratiladi.
Mahallalarda tadbirkorlikni rivojlantirish uchun 820 mlrd so‘m kredit va 52,3 mlrd so‘m subsidiya ajratiladi. Natijada 48 mingta yangi biznes subyekti tashkil etilishi kutilmoqda. 2026-yil yakuniga qadar ishsizlik darajasini 3,2% ga, kambag‘allik darajasini 3% ga tushirish rejalashtirilgan. Guzor va Shahrisabz tumanlari qatorida jami olti hududni to‘liq kambag‘allikdan chiqarish maqsad qilingan.
Qishloq xo‘jaligida 2030-yilgacha 200 ming gektar yer o‘zlashtiriladi. 3,3 ming km ichki kanallarni betonlashtirish va suvni tejovchi texnologiyalarni joriy etish hisobiga 800 mln kub metr suvni tejash ko‘zda tutilgan.
Infratuzilma doirasida Hisorak suv omboridan Qarshi shahrigacha 416 km suv quvuri tortiladi. Turizm sohasida joriy yilda 45 ta yangi mehmonxona va mehmon uylari ishga tushiriladi, shuningdek “Maydanak” va “Gelon” kurort zonalari barpo etiladi.
Alohida yo‘nalish sifatida Germaniya bilan hamkorlikda tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasi rivojlantiriladi. 2026-yilda 3 ming nafar, 2027-yilda yana 5 ming nafar yosh mutaxassis Germaniyaga ishga yuboriladi. Ularni tayyorlash maqsadida Qarshi shahrida maxsus texnologik markaz tashkil etiladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ