Toshkentda pullik avtoturargohlar uchun rezidentlik ruxsatnomalari joriy etiladi
Yangi tartibga ko‘ra, ko‘p qavatli uylar aholisi avtomobillarini kechasi bepul, kunduz kuni esa yillik 1 BHM evaziga joylashtirishi mumkin bo‘ladi
Фото: Tengrinews.kz
Avvalroq pullik yo‘l bo‘yi avtoturargohlari tashkil etilgan ko‘chalarda ko‘p kvartirali uylar aholisi uchun imtiyozlar joriy etilishi haqida xabar berilgandi.
Hokimning 16-oktabrdagi qaroriga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Hujjatda rezidentlar va rezidentlik ruxsatnomalari tushunchalari aniqlashtirildi, shuningdek ularning amal qilish tartibi, shartlari va muddati, pullik avtoturargohlardan foydalanish qoidalari hamda yillik rezidentlik to‘lovi miqdori belgilandi.
Xususan, rezidentlar — pullik avtoturargohlar joylashgan hududlarda yoki ushbu ko‘chalarga tutash mahallalarda joylashgan uylarda yashovchi, transport vositasidan foydalanuvchi hamda mazkur turar joyga egalik huquqiga yoki ulushli mulk huquqiga ega bo‘lgan jismoniy shaxslar hisoblanadi.
Rezidentlik ruxsatnomasi — “Elektron hukumat” tizimidagi Toshkent shahri rezidentlik avtoturargoh ruxsatnomalari reyestrida yuritiladigan elektron yozuv bo‘lib, u avtomobilni pullik avtoturargoh joylarida joylashtirish huquqini beradi (rezidentlik joyi bepul bo‘lgan holatlar, yuk transporti uchun maxsus joylar va nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun ajratilgan joylar bundan mustasno).
Ruxsatnoma faqat bitta transport vositasiga nisbatan amal qiladi va quyidagi shaxslardan biriga rasmiylashtirilishi mumkin:
- rezidentning o‘ziga;
- Toshkent shahrida joylashgan turar joyga egalik qiluvchi va doimiy yoki vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tgan shaxslarga.
Rezidentlik ruxsatnomasida ko‘rsatilgan avtomobilni soat 20:00 dan 08:00 gacha bepul, qolgan vaqtlarda esa pullik asosda joylashtirish mumkin bo‘ladi. Yillik rezidentlik to‘lovi bir martalik tarzda to‘lanadi va 1 BHMni tashkil etadi.
Shu bilan birga, bitta turar joy bo‘yicha reyestrga ko‘pi bilan ikki dona rezidentlik ruxsatnomasi kiritilishi mumkin.
Ruxsatnoma reyestrga kiritilgan kundan keyingi kundan boshlab bir yil davomida amal qiladi.
Agar rezident yillik to‘lovni amalga oshirgan bo‘lsa va to‘langan muddat amaldagi ruxsatnoma muddati bilan to‘liq mos kelmasa, ruxsatnoma farq muddatiga uzaytiriladi, biroq bu muddat 14 kalendar kundan oshmasligi lozim.
Agar rezident ruxsatnomani uzaytirish yoki yangi ruxsatnoma olish uchun amaldagi ruxsatnoma tugashiga kamida 2 oy qolganida va ko‘pi bilan 6 ish kuni oldin murojaat qilsa, ushbu turar joy bo‘yicha yangi rezidentlik ruxsatnomasi rasmiylashtiriladi.
Bunda yangi ruxsatnoma avvalgisining muddati tugagan zahoti, uzilishsiz kuchga kiradi.
Mazkur yangi tartib 2026-yil 1-fevraldan boshlab kuchga kiradi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ