Toshkentda pulli avtoturargohlar 8-maydan foydalanishga topshiriladi
Yoz oxirigacha yana 86 ta ko‘chasida yo‘l chetidagi avtoturargohlar pulli bo‘ladi

Foto: holymeer / Instagram
8-maydan boshlab Toshkent shahrining oltita ko‘chasida pulli avtoturargohlar tizimi joriy etiladi. Bu haqda 5-may kuni tizim operatori hisoblangan StreetPark Systems kompaniyasi vakillari matbuot anjumanida ma’lum qildi.
Loyihaning birinchi bosqichida pulli avtoturargohlar Amir Temur xiyoboni aylanmasi, Istiqbol, Zarafshon, Buxoro, shuningdek, Shahrisabz va Mirobod ko‘chalarini qamrab oladi. Jami avtoturargohlar soni 680 tani tashkil etadi. hozir ushbu hududlarda ma’lumot yozilgan peshlavha, 5.15.1 (Pulli to‘xtab turish joyi) va 3.27 (To‘xtash taqiqlangan) yo‘l belgilari o‘rnatilib, maxsus belgilar qo‘yilmoqda.
Belgilarga e’tibor bermay to‘xtab turgan mashina inspektorlar va kameralar tomonidan nazoratga olinadi.
Kompaniyaning “Gazeta.uz”ga ma’lum qilishicha, 30-mayga qadar pulli to‘xtash zonasi yana 15 ta ko‘chaga ko‘payadi. Iyul oyi oxiriga qadar tizim yana 30 ta ko‘chani qamrab oladi, sentabrgacha esa avvalroq e’lon qilingan poytaxtdagi 86 ta ko‘cha rejaga ko‘ra 13 208 ta avtoturargoh bilan birlashtiriladi.
Pulli to‘xtash joylari uchun tarif zonalari belgilangan. U mashinaning to‘xtab turishi soatiga qarab turli miqdorlarda ranglar bo‘yicha ajratiladi: qizil zona — 12 ming so‘m, olovrang — 10 ming so‘m, yashil — 8 ming so‘m, ko‘k — 6 ming so‘m, binafsha rang — 5 ming so‘m. Avtoturargoh uchun to‘lovni Poytaxt parking mobil ilovasi, Paynet qurilmasi, shuningdek, Payme, Click, UzumBank va boshqa elektron to‘lov tizimlari orqali amalga oshirish mumkin.
StreetPark Systems direktori Qudratbek Yoqubovning so‘zlariga ko‘ra, kompaniya ishlab chiqqan mobil ilovada bepul to‘xtash joylarini ham topish mumkin. U 10-maygacha App Store va Google Play’da paydo bo‘ladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ