2025-yilda O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari hajmi $19 mlrdga yaqinlashdi
Transchegaraviy transferlar 27,2%ga oshib, milliy valyuta barqarorligini qo‘llab-quvvatladi
Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yil yakunlariga binoan O‘zbekistonga kirib kelgan pul o‘tkazmalari hajmi $18,9 mlrdni tashkil etdi.
Bu ko‘rsatkich 2024-yilga nisbatan $5,1 mlrdga ko‘p bo‘lib, mamlakat yalpi ichki mahsulotining 12,8%iga teng. Dekabr oyida pul tushumlari $1,59 mlrdni tashkil etib, noyabrga nisbatan $100 mln, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan esa 49%ga oshdi.
Yil davomida eng yuqori pul o‘tkazmalari yoz va kuz oylarida kuzatilib, oylik hajm $1,8–1,9 mlrd atrofida bo‘ldi. Eng yuqori ko‘rsatkich iyul oyida qayd etilib, $1,97 mlrdni tashkil etdi. Yil davomida biror oyda tushum $1 mlrddan past bo‘lmadi. Eng past natijalar yanvar va fevral oylarida mos ravishda $1,06 mlrd va $1,07 mlrd bo‘ldi.
Shuningdek, aholining xorijiy valyutani sof sotish hajmi ham 1,4 baravarga oshib, $9,7 mlrdga yetdi. Bu holat valyuta bozorida taklifning ko‘payishiga hamda so‘m kursining mustahkamlanishiga xizmat qildi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ