Prezident Janubiy Koreyaning yangi Hyundai Rotem poyezdini sinovdan o‘tkazdi
Yaqin vaqt ichida poyezd Toshkent — Urganch — Xiva yo‘nalishi bo‘yicha yo‘lga qo‘yiladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev jamoatchilik vakillari bilan birga mamlakatimizga keltirilgan yangi “Hyundai Rotem” tezyurar poyezdida Samarqanddan Narpay tumaniga keldi.
Derazalari qorong‘ilashtirilgan oq rangli tarkibda O‘zbekiston bayrog‘ini eslatuvchi ko‘k, yashil va qizil rangli chiziqlar mavjud.
Sarkarda Jaloliddin Manguberdi nomi bilan atalgan poyezd O‘zbekistonga olib kelinishi rejalashtirilgan oltita tarkibning birinchisi bo‘ldi. U yetti vagondan iborat bo‘lib, taxminan 390 yo‘lovchiga mo‘ljallangan va 260 km/soat tezlikkacha harakatlanish imkoniyatiga ega. Poyezdda uchta xizmat ko‘rsatish sinfi mavjud — VIP, biznes va ekonom.
E’lon qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, 175 metr uzunlikdagi tarkib O‘zbekiston iqlim sharoitiga moslashtirilgan: chang, haroratning keskin o‘zgarishi va qum bo‘ronlariga chidamli. Yaqin vaqt ichida poyezd Toshkent — Urganch — Xiva yo‘nalishi bo‘yicha yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan bo‘lib, yo‘lga ketadigan vaqt taxminan 7 soatni tashkil etadi (hozirda — 13 soatdan ortiq).

Hyundai Rotem tezyurar elektropoyezdlarini yetkazib berish bo‘yicha shartnoma 2024-yil iyun oyida Janubiy Koreya prezidentining O‘zbekistonga tashrifi doirasida imzolangan edi.
Loyihaning umumiy qiymati 220,03 mln yevroga baholanmoqda. O‘zbekiston 21,3 mln yevro, “O‘zbekiston temir yo‘llari” kompaniyasi 13,5 mln yevro, Koreya Eksimbanki esa 10 yillik imtiyozli davr bilan 40 yil muddatga 185,18 mln yevro ekvivalentida Koreya vonida kredit ajratadi.
Qolgan beshta poyezd 2026−2027-yillarda yetkazib berilishi kutilmoqda. Yangi poyezd uchun uzunligi 465 km bo‘lgan “Buxoro-Urganch-Xiva” yo‘nalishi elektrlashtirildi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ