O‘zbekiston va Pokiston $3,5 mlrdlik qo‘shma loyihalar portfelini shakllantirdi

Tomonlar o‘zaro savdo hajmini $2 mlrdga yetkazishni maqsad qilmoqda

O‘zbekiston va Pokiston $3,5 mlrdlik qo‘shma loyihalar portfelini shakllantirdi

Shavkat Mirziyoyev va Pokiston Bosh vaziri Shahbaz Sharif Islomobod shahrida Strategik hamkorlik bo‘yicha oliy darajadagi kengashning ilk yig‘ilishini o‘tkazdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Uchrashuvda tomonlar strategik sheriklikni mustahkamlash va amaldagi kelishuvlar ijrosini muhokama qildi. O‘tgan yilda ikki davlat o‘rtasidagi savdo hajmi qariyb $500 mlnni tashkil etdi. Hozirda O‘zbekistonda Pokiston kapitali ishtirokidagi 230 ga yaqin korxona faoliyat yuritmoqda. Aviaqatnovlar va banklararo hamkorlik faollashgani qayd etildi.

Mamlakatlar qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik, farmatsevtika va kimyo sanoatida sanoat kooperatsiyasini kengaytirishni rejalashtirmoqda. Tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida Qo‘shma ishbilarmonlar kengashi tuziladi. Yaqin vaqtda Toshkentda tashqi ishlar idoralari muvofiqlashtiruvchi qo‘mitasining ilk yig‘ilishi o‘tkaziladi.

Asosiy maqsad — o‘zaro savdo hajmini $2 mlrdga yetkazish. Buning uchun preferensial savdo kelishuvidagi mahsulotlar ro‘yxati kengaytiriladi, fitosanitariya ruxsatnomalarini olish tartibi soddalashtiriladi. Shuningdek, Karachi va Lahordagi savdo uylaridan faol foydalaniladi.

$3,5 mlrdlik investitsiya portfeli elektrotexnika, geologiya, oziq-ovqat va yengil sanoat sohalaridagi loyihalarni qamrab oladi. Transport yo‘nalishida Transafg‘on temir yo‘li va “Pokiston — Xitoy — Qirg‘iziston — O‘zbekiston” koridorini rivojlantirish ustuvor vazifa etib belgilandi.

Hududlararo hamkorlikni kuchaytirish maqsadida maxsus forum tashkil etiladi. Uning ilk yig‘ilishi Xorazm viloyatida o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Gumanitar yo‘nalishda esa ziyorat turizmi va Boburiylar merosini asrashga alohida e’tibor qaratilib, Lahorda madaniy markaz ochish rejalashtirilmoqda.

Uchrashuv yakunida Shavkat Mirziyoyev Shahbaz Sharifni O‘zbekistonga rasmiy tashrif bilan kelishga taklif etdi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Toshkentda yong‘in xavfsizligi talablari buzilgani sabab 7 ta savdo markazi vaqtincha yopildi
/
Toshkentda yong‘in xavfsizligi talablari buzilgani sabab 7 ta savdo markazi vaqtincha yopildi
2025-yilda O‘zbekiston gaz eksporti $628,8 mlnga yetdi
/
2025-yilda O‘zbekiston gaz eksporti $628,8 mlnga yetdi
2026-yilning ilk oyida inflyatsiya 0,7% ni tashkil etdi
/
2026-yilning ilk oyida inflyatsiya 0,7% ni tashkil etdi