O‘qituvchilarga uy-joy xarid qilishda yordam beriladi: ipotekaning 25% ini davlat qoplaydi
Prezident o‘qituvchilarni qo‘llab-quvvatlash uchun yangi chora-tadbirlar taklif etdi. Bular qatoriga ularning farzandlari uchun ta’lim olishda chegirmalar, imtiyozli kreditlar va malaka oshirish uchun qo‘shimcha to‘lovlar kiradi

Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
Prezident Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida o‘qituvchi va murabbiylar bilan muloqotida amalga oshiriladigan yangi tashabbuslarni ma’lum qildi.
Yangi yildan boshlab kamida 15-yil stajga ega bo‘lgan oliy toifali pedagoglarga ipoteka krediti boshlang‘ich badalining 25%i qoplab beriladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.
Shuningdek, kelgusi o‘quv yilida davlat oliygohlariga o‘qishga kirgan pedagoglar farzandlarining kontrakt summasiga 30% chegirma beriladi;
O‘qituvchilar yangi ta’lim texnologiyalarini keng qo‘llashi uchun kompyuter xaridiga 10 mln so‘mgacha imtiyozli kredit ajratiladi va ularga davlat xizmatlari to‘lovi 2 karra kamaytiriladi.
Fan o‘qituvchilari kabi boshlang‘ich ta’lim o‘qituvchilari uchun ham milliy sertifikat berish tizimi joriy qilinadi. Sertifikat olganlarga har oyda 15% ustama to‘lanadi. Bakalavr bosqichini imtiyozli diplom bilan bitirib, maktabga ishga kirganlarga avtomatik ravishda 2-malaka toifasi, magistrlarga esa 1-malaka toifasi beriladi;
Dunyodagi TOP-300 talik oliygohlarga o‘qishga kirgan pedagoglarga $20 minggacha imtiyozli ta’lim krediti ajratilishi ham belgilandi.
Prezident Mirziyoyev aynan shu uchrashuvda “Investor – tarmoq – texnikum” zanjiri asosida texnikumlarda dual ta’lim yo‘lga qo‘yilishini ma’lum qilgandi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ