Pul o‘tkazishda maqsadni belgilash — yangi cheklov emas

Markaziy bank mobil ilovalarda operatsiya maqsadini qisqacha ko‘rsatish bo‘yicha tavsiyalar yuzasidan eng ko‘p berilayotgan savollarga javob berdi

Pul o‘tkazishda maqsadni belgilash — yangi cheklov emas

So‘nggi kunlarda P2P o‘tkazmalarida operatsiya maqsadini belgilash masalasi muhokamalar markazida bo‘ldi. Ayrim foydalanuvchilar buni yangi cheklov yoki nazorat kuchayishi sifatida qabul qildi. Kapital.uz so‘roviga javoban O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki vaziyatga aniqlik kiritib, bu yondashuv raqamli infratuzilmani bosqichma-bosqich takomillashtirishga qaratilgan texnik tavsiya ekanini ma’lum qildi.

Bu nima uchun kerak?

Markaziy bank ma’lum qilishicha, raqamli iqtisodiyot rivojlanishi bilan operatsiyalar hajmi yil sayin ortib bormoqda. Ko‘proq operatsiya — ko‘proq ma’lumot degani. Tizim esa barqaror va aniq ishlashi uchun ma’lumotlar tartibli bo‘lishi zarur.

Operatsiyalarning to‘g‘ri tasniflanishi:

  •  texnik xatoliklarni kamaytiradi;
  •  operatsiyalarni tez va aniq qayta ishlash imkonini beradi;
  •  tizim barqarorligini ta’minlaydi;
  •  kelgusida servislarni yanada qulay qilishga asos yaratadi.

P2P o‘tkazmalarida ham gap faqat operatsiya maqsadini qisqacha belgilash haqida ketmoqda. Bu hujjat talab qilish yoki qo‘shimcha tekshiruv o‘tkazishni anglatmaydi.

Eng ko‘p berilayotgan savollar:

Bu yangi qoidami?

Yo‘q. Bu yangi cheklov yoki majburiy tartib emas. Bu mobil ilovalar funksionalini takomillashtirish bo‘yicha tavsiyaviy yondashuv. Uni qanday va qachon joriy etishni har bir bank o‘z imkoniyatlaridan kelib chiqib mustaqil hal qiladi.

Nega aynan hozir?

Chunki raqamli operatsiyalar hajmi keskin o‘smoqda. Tizim ham shunga mos ravishda rivojlanishi tabiiy jarayondir.

Bu jahon tajribasida bormi?

Ha. Ko‘plab xalqaro bank ilovalarida to‘lov maqsadi, izoh yoki kategoriya tanlash funksiyasi mavjud. Bu raqamli moliyada oddiy amaliyot hisoblanadi. Shuningdek, fintech yechimlari sun’iy intellekt orqali byudjetni boshqarish, xarajatlarni tahlil qilish va moliyaviy intizomni kuzatish imkonini bermoqda.

To‘lov qilish qiyinlashadimi?

Yo‘q. To‘lov jarayoni o‘zgarmaydi. Qo‘shimcha hujjat yoki murakkab bosqichlar talab etilmaydi. Foydalanuvchi faqat operatsiya maqsadini tugma orqali tanlashi mumkin — xuddi bankomatdagi kabi sodda formatda.

“16 ta parametr” nima degani?

Bu yagona majburiy ro‘yxat emas. Bu namunaviy yondashuv bo‘lishi mumkin. Ayrim banklarda kamroq yoki boshqacha formatda joriy etilishi mumkin.

Bu nazorat kuchayishi emasmi?

Yo‘q. Bu nazorat mexanizmi emas, balki operatsiyalarni tizimli va aniq qayta ishlashga qaratilgan texnik yechim.

Muhim eslatma

Markaziy bank foydalanuvchilarni raqamli xavfsizlik qoidalariga qat’iy rioya qilishga chaqirdi, xususan:

 • tasdiqlash kodlarini hech qachon boshqalarga bermang;

 • shubhali havolalarga kirmang;

 • moliyaviy qarorlarni shoshilmasdan qabul qiling;

 • yangiliklarni faqat rasmiy manbalar orqali tekshiring.

Raqamli xavfsizlik — bu ham tizimning, ham foydalanuvchining mas’uliyatidir.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Bir hobbidan ekotizimgacha: “Teplo” hikoyasi
/
Bir hobbidan ekotizimgacha: “Teplo” hikoyasi
Jahongir Po‘latov: xususiy ta’limda sifat va masshtab muvozanati
/
Jahongir Po‘latov: xususiy ta’limda sifat va masshtab muvozanati
Diversifikatsiya: mahsulot liniyasini kengaytirish strategiyasi
/
Diversifikatsiya: mahsulot liniyasini kengaytirish strategiyasi