O‘zini o‘zi band qilgan taksi haydovchilari uchun soliqlarni agregatorlar to‘laydi

Tartib daromadi 100 mlndan oshgan haydovchilarga amal qilib, mustaqil hisobot berishdan ozod qiladi

O‘zini o‘zi band qilgan taksi haydovchilari uchun soliqlarni agregatorlar to‘laydi

O‘zbekistonda 2-iyundan boshlab o‘zini o‘zi band qilgan taksi haydovchilari daromadlari yillik 100 mln so‘mdan oshganda, ular uchun soliqlarni onlayn taksi agregatorlari to‘laydi. Bu Vazirlar Mahkamasining aprelda qabul qilingan qarorida ko‘zda tutilgan, deya xabar berdi Davlat soliq qo‘mitasi.

Ayni vaqtda O‘zbekistonda 776,7 mingta o‘zini o‘zi band qilgan jismoniy shaxs yengil avtotransport vositasida yo‘lovchilarni tashish hamda buyurtma asosida tovarlarni yetkazib berish yo‘nalishida ro‘yxatdan o‘tib faoliyat yuritmoqda.

1-iyul holatiga mijozlarni izlash bo‘yicha interaktiv xizmatlarni ko‘rsatuvchi 208 ta yuridik shaxslar — onlayn taksi agregatorlari soliq organlarining axborot tizimlari bilan to‘liq integratsiyalashgan. Ular orqali 430 mingdan ortiq o‘zini o‘zi band qilgan haydovchilar aholiga yo‘nalishsiz taksi xizmati ko‘rsatmoqda. Bu agregatorlar tomonidan davlatga 89,6 mlrd so‘m soliq to‘langan.

2025-yilning 2-iyulidan boshlab, o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarning yillik daromadlari 100 mln so‘mdan oshganda, ular to‘lashi lozim bo‘lgan soliqlar soliq organlarining xabarnomasi asosida yuridik shaxslar — ya’ni agregatorlar tomonidan to‘lov manbaida ushlab qolinadi. 2025-yil davomida 189 ta o‘zini o‘zi band qilgan shaxsning yillik daromadi 100 mln so‘mdan oshgan, — deya qayd etgan qo‘mita.

Mazkur tartib sohada band bo‘lgan jismoniy shaxslarga soliqlarni hisoblash, to‘lash va hisobot topshirish kabi ortiqcha ovoragarchiliklardan xalos etishi ta’kidlangan.

Davlat soliq qo‘mitasi, shuningdek, Yandex Uzbekistan o‘z platformalaridagi o‘zini o‘zi band qilgan haydovchilar va kurerlar uchun soliq to‘lash jarayonini avtomatlashtirgan birinchi kompaniya bo‘lganini qo‘shimcha qilgan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston soliq qonunchiligiga ko‘ra, daromadi yiliga 100 mln so‘mdan oshgan taqdirda o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar 4% lik stavkada aylanmadan soliq to‘lashi va hisobot taqdim etishi lozim.

Avvalroq O‘zbekistonda jismoniy shaxslarga doimiy asosda o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida taksichilik faoliyati bilan shug‘ullanishga ruxsat berilgandi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Jahon banki O‘zbekistonning 12 yillik iqtisodiy rivojlanishini tahlil qildi
/
Jahon banki O‘zbekistonning 12 yillik iqtisodiy rivojlanishini tahlil qildi
O‘zbekistonda banklarning mikroqarz va avtokreditlar bo‘yicha foiz stavkalari e’lon qilindi
/
O‘zbekistonda banklarning mikroqarz va avtokreditlar bo‘yicha foiz stavkalari e’lon qilindi
Mikromoliya tashkilotlarida muammoli kreditlar ulushi 4% gacha oshdi
/
Mikromoliya tashkilotlarida muammoli kreditlar ulushi 4% gacha oshdi