“O‘zbekneftgaz”da investitsiyalar samaradorligini nazorat qiluvchi qo‘mita tuzildi
Kompaniya 2026-yilda investitsiya dasturi doirasida $1,2 mlrd mablag‘ni o‘zlashtirishni rejalashtirmoqda
Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
“O‘zbekneftgaz” AJ investitsiya loyihalarining rentabelligini oshirish va moliyaviy xatarlarni kamaytirish maqsadida maxsus Investitsiya qo‘mitasini tashkil etdi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, “Dolzarb 100 kun” dasturi doirasida kompaniyaning investitsiya siyosati qayta ko‘rib chiqildi. Unda iqtisodiy samaradorlikni ta’minlash hamda xomashyo bazasini kengaytirish ustuvor yo‘nalish sifatida belgilandi.
Natijada joriy portfeldan samaradorligi past bo‘lgan loyihalar chiqarib tashlandi. Bu qaror qarz yukini kamaytirish va tashqi qarz jalb qilish hajmini optimallashtirish imkonini berdi. Bo‘shagan mablag‘lar geologiya-qidiruv ishlari hamda ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiya qilishga yo‘naltiriladi.
Kompaniya, shuningdek, Ustyurt mintaqasida yangi uglevodorod zaxiralarini aniqlash bo‘yicha ishlarni kuchaytirishni rejalashtirmoqda. Bu yo‘nalishda Xitoyning BGP kompaniyasi bilan uzoq muddatli hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Bundan tashqari, XIBU bilan quduqlarni burg‘ulash bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda, Shandong Molong va Hengyang Valin kompaniyalari bilan esa 7 ming metr chuqurlikkacha ishlashga mo‘ljallangan quvurlar yetkazib berish bo‘yicha kelishuvga erishilgan.
Infratuzilma loyihalari doirasida konlarda qazib olish barqarorligini ta’minlash maqsadida kompressor stansiyalarini qurish rejalashtirilgan. Yangi qo‘mita tarkibiga yuqori turuvchi idoralar vakillari hamda xorijiy ekspertlar kiritilgan bo‘lib, ular investitsiya loyihalarining bajarilishini monitoring qiladi va zarurat bo‘lganda ularni tuzatib boradi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ