O‘zbekistonning tashqi qarzi $60 mlrddan oshdi
Yil boshidan buyon tashqi qarz umumiy hisobda $7,2 mlrdga ortgan
Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
Joriy yilning 9 oyida O‘zbekistonning tashqi qarzi $60 mlrddan oshgan. Bu haqdagi ma’lumot Markaziy bankning hisobotidan ma’lum bo‘ldi.
Tashqi qarz davlat qarzi va xususiy qarzlardan iborat hisoblanadi. Davlat tashqi qarzi qariyb $32,5 mlrdni, korporativ (xususiy) tashqi qarz $27,7 mlrdni tashkil etdi.
Xususiy sektorda qayd etilganlar orasida, asosan, davlat ulushdor bo‘lgan kompaniyalar va banklar bor. O‘z navbatida, davlat bank sektorining 68% ga yaqin ulushiga egalik qiladi.
Shuningdek, 2019−2021-yillarda jami milliardlab dollarlik qarz qog‘ozlarini muomalaga chiqargan “UzAuto Motors” va “O‘zbekneftgaz”, “O‘zbekiston Milliy banki”, “O‘zsanoatqurilishbank” kabi tashkilotlar egasi yoki ulushdorlaridan biri hisoblanadi.
Yil boshidan buyon tashqi qarz umumiy hisobda $7,2 mlrdga oshdi. 2023-yil yakuni bo‘yicha ko‘rsatkich $53 mlrdni, jumladan, davlat qarzi $29,7 mlrdni, xususiy qarz esa $23,3 mlrdni tashkil etgan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ