O‘zbekistonlik shaxmatchilar 2025-yil yakunlariga ko‘ra eng ko‘p daromad topgan TOP-10 talikka kirdi
Nodirbek Abdusattorov va Javohir Sindarov xalqaro turnirlarda jami $700 mingdan ortiq mukofot puli qo‘lga kiritdi
2025-yil yakunlariga ko‘ra o‘zbekistonlik grossmeysterlar Nodirbek Abdusattorov va Javohir Sindarov dunyodagi eng ko‘p daromad topgan shaxmatchilar TOP-10 taligiga kirdi. Bu haqda Chess.com e’lon qilgan yakuniy hisobotlarda qayd etilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Nodirbek Abdusattorov reytingda 9-o‘rinni egalladi. U 12 oy davomida 16 ta yirik xalqaro turnirda ishtirok etib, jami $361,8 ming mukofot puli ishlab topgan. Uning bitta musobaqadagi eng yuqori mukofoti $85 mingni tashkil etgan.
TOP-10 ro‘yxatini FIDE Jahon kubogi g‘olibi Javohir Sindarov yakunlab berdi. U 2025-yilda 11 ta xalqaro turnirda qatnashib, umumiy hisobda $349,9 ming daromad olgan. Shaxmatchining eng yirik bir martalik mukofoti $120 mingni tashkil etgan.
Jahon reytingida mukofot pullari bo‘yicha 1-o‘rinni norvegiyalik Magnus Karlsen egalladi. U 16 ta turnirda ishtirok etib, $1,46 mln daromad bilan yil yakunida $1 mlndan oshgan yagona shaxmatchi bo‘ldi. 2-o‘rin amerikalik Fabiano Karuanaga ($889,6 ming), 3-o‘rin esa Levon Aroniyanga ($751,9 ming) to‘g‘ri keldi. Reytingning 4-pog‘onasida AQSh vakili Hikaru Nakamura ($588,9 ming) qayd etildi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ