Deputatlar O‘zbekistonda islomiy banklar joriy etish to‘g‘risidagi qonun loyihasini ma’qulladi
B ubilan O‘zbekistonda Islomiy moliya operatsiyalari uchun maxsus soliq rejimi joriy etilishi mumkin

Foto: Qonunchilik palatasi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi 16-sentabr kuni bo‘lib o‘tgan majlisda O‘zbekistonda islom bankini joriy etish to‘g‘risidagi qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qildi.
Markaziy bank raisi o‘rinbosari Abrorxo‘ja Turdaliyevning ma’lum qilishicha, hujjat prezidentning 2023-yil 5-sentabrdagi qarori va 2024-yil 30-avgustdagi farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida Markaziy bank tomonidan xorijiy va mahalliy ekspertlar ko‘magida ishlab chiqilgan.
Uning eslatishicha, islom moliyasi o‘ziga xos tamoyillar asosida quriladi: qo‘shimcha mukofot evaziga ma’lum muddatga qarzga pul berish, Islom dinida ruxsat etilmagan faoliyatni moliyalashtirish, shuningdek, shartnomalarda haddan tashqari noaniqlikka yo‘l qo‘yish taqiqlanadi. Ushbu taqiqlarga rioya qilish doimiy nazorat ostida bo‘lishi kerak.
Bundan tashqari, islomiy moliyada savdo va hamkorlikni moliyalashtirish asosiy usullar hisoblanadi. Biroq, “Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida”gi qonunning 7-moddasiga muvofiq, banklarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri savdo faoliyati bilan shug‘ullanish, yuridik shaxslar tashkil etish yoki ularning ustav kapitalida ishtirok etish taqiqlanadi, bu esa cheklovlarni keltirib chiqaradi.
Shuningdek, Soliq kodeksiga muvofiq, tovarlarni realizatsiya qilish bo‘yicha aylanma QQS solish obyekti sifatida e’tirof etiladi. Bu esa, savdo orqali amalga oshiriladigan islomiy moliyaviy xizmatlarning an’anaviy moliyaviy xizmatlarga nisbatan qimmatroq bo‘lishiga olib keladi.
Turdaliyevning so‘zlariga ko‘ra, islomiy bankni to‘liq joriy etish nafaqat qonunchilikdagi cheklovlarni olib tashlashga, balki institutsional asoslarni yaratishga qaratilgan kompleks yondashuvni talab qiladi.
Shu munosabat bilan Soliq va Fuqarolik kodekslariga, shuningdek, 8 ta qonunga xalqaro tajribadan, shu jumladan, Malayziya, Turkiya, BAA va qo‘shni davlatlar tajribasidan kelib chiqib, bir qator tuzatishlar kiritish taklif etilmoqda.
Uning qo‘shimcha qilishicha, qonun loyihasida “islomiy bank faoliyati”, “islomiy moliyaviy faoliyat”, “islomiy moliyaviy operatsiyalar”, “islomiy moliyaviy standartlar” va “institutsional depozit” tushunchalarini kiritish ko‘zda tutilgan.
Islomiy bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziya joriy etilmoqda, shuningdek, uni olish uchun talablar belgilanmoqda. Ushbu litsenziya to‘laqonli islom bankini ochish va an’anaviy bank doirasida “islom darchasi”ni yaratish imkonini beradi, — dedi Markaziy bank raisi o‘rinbosari.
Shuningdek, asosiy islomiy moliyaviy operatsiyalar: murobaha, mudoraba, mushoraka, vakala, salam aniqlanadi. Islomiy faoliyatni amalga oshiruvchi banklarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri savdo faoliyati bilan shug‘ullanishga, yuridik shaxslar tashkil etishga va kompaniyalarning ustav kapitalidagi ulushlarni cheklovlarsiz sotib olishga ruxsat berish taklif etilmoqda.
Markaziy bankda va banklarda islomiy moliya kengashi tashkil etilishi, ularning vazifa va funksiyalari belgilanmoqda. Markaziy bankka kredit tashkilotlari uchun islomiy moliya standartlarini tasdiqlash, banklarning islomiy moliya kengashiga va uning a’zolarini baholashga doir talablarni belgilash vakolati berilmoqda, — dedi Turdaliyev.
Shuningdek, qonun loyihasi bilan O‘zbekistonda Islomiy moliya operatsiyalari uchun maxsus soliq rejimi joriy etilishi ko‘zda tutilgan.
Uning fikricha, ushbu hujjatning qabul qilinishi O‘zbekistonda islom bank ishini xalqaro standartlarga muvofiq amalga oshirish uchun zarur huquqiy asos yaratadi.
Qonun loyihasi ikkinchi va uchinchi o‘qishda qabul qilingandan so’ng Senatga ko‘rib chiqish uchun yuboriladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ