O‘zbekistonda ekopolitsiya tashkil etiladi
Uning xodimlariga jismoniy kuch ishlatish, maxsus vositalarni qo‘llash huquqi beriladi hamda bodi kameralar o‘rnatiladi
O‘zbekistonda Davlat ekologik nazorat inspeksiyasi (Ekopolitsiya) tashkil etiladi. Bu haqda 19-noyabr kuni O‘zbekiston prezidenti farmoni imzolandi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri prokuraturalariga ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va o‘rmon xo‘jaligi sohasidagi qonunchilik ijrosi ustidan nazorat yo‘nalishida ajratilgan 40 ta shtat birligi Ekopolitsiyaga o‘tkaziladi.
Ekopolitsiya Ekologiya qo‘mitasining ekologik xavfsizlikni ta’minlash va bu boradagi huquqbuzarliklar profilaktikasi sohasida huquqni muhofaza qilishga doir ayrim vazifalarga ega bo‘lgan maxsus bo‘linmasidir.
Ekologiya qo‘mitasi raisi bir vaqtning o‘zida Ekopolitsiya boshlig‘i hisoblanadi. Ekopolitsiya boshlig‘ining o‘rinbosari bir vaqtning o‘zida Ekologiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari hisoblanadi va Ekopolitsiyaning tezkor shtabiga rahbarlik qiladi.
Ekopolitsiyaga uning hududiy bo‘linmalarini ma’muriy-hududiy birliklar chegaralarini hisobga olmagan holda tabiiy ekologik hududlar chegaralari doirasida tashkil etishga ruxsat etiladi.
Shuningdek, o‘sha kuni “O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, Ekopolitsiya xodimlariga jismoniy kuch ishlatish, maxsus vositalarni (elektroshok qurilmalarini) va xizmat qurolini (rezina o‘qli, to‘r otuvchi) qo‘llash huquqi beriladi hamda ularning maxsus kiyimiga bodi kameralar o‘rnatiladi.
Qonunchilikka tegishli o‘zgartirishlar kiritilgunga qadar Ekopolitsiya xodimlari tomonidan jismoniy kuch ishlatish, maxsus vositalar va xizmat qurolini qo‘llash tartibiga O‘zbekiston Respublikasining “Ichki ishlar organlari to‘g‘risida”gi qonunida belgilangan asoslar va shartlar tatbiq etiladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ