Toshkentdagi Taras Shevchenko ko‘chasi avtomobilsiz hududga aylantiriladi
Mamlakatning tarixiy markazlari va sayyohlik majmualarida maxsus piyodalar uchun mo‘ljallangan hududlar barpo etildi
Фото: Хокимият Мирабадского района
Toshkentda va mamlakatning boshqa shaharlarida transport vositalari harakati to‘liq taqiqlangan yo‘l uchastkalari belgilandi. Bu haqda Turizm qo‘mitasi ma’lum qildi.
Poytaxtda Mirobod tumanidagi Taras Shevchenko ko‘chasi avtomobilsiz hudud maqomini oldi. Toshkent viloyatida esa piyodalar zonalari “Qorasuv” mahallasidagi Toshkent yo‘li ko‘chasi, “Oybek” mahallasida 1 km uzunlikdagi yo‘lak, Angrendagi “Bunyodkor” ko‘chasi hamda “Do‘stlik” mahallasidagi S. Rahmatov ko‘chasining 0,9 km qismida tashkil etildi.
Mamlakatning tarixiy markazlarida ham cheklovlar joriy qilingan. Samarqandda “Konigil” qishlog‘ida 2,5 km yo‘l, shuningdek, Registon maydoni va Shohi Zinda majmuasini bog‘laydigan 1,5 km uzunlikdagi Islom Karimov ko‘chasi piyodalar hududiga aylantirildi. Buxoroda esa “Toqi Telpakfro‘shon” gumbazi oldidan Ark qal’asigacha bo‘lgan yo‘lak transport uchun yopildi.
Shuningdek, avtomobilsiz hududlar quyidagi manzillarda ham tashkil etilgan:
- Andijon viloyati: Xonobod shahri, shuningdek Andijon shahridagi Istiqlol, O‘rikzor va Sarikuy ko‘chalari;
- Farg‘ona viloyati: Farg‘ona shahridagi San’at saroyi atrofi, Marg‘ilondagi istirohat bog‘i va Qo‘qonning O‘rda maydoni;
- Namangan viloyati: U. Nosir va Lutfiy ko‘chalari;
- Qoraqalpog‘iston: Nukusdagi “Do‘stlik” kanali bo‘yidagi yo‘lak;
- Jizzax viloyati: “Zargarlik” mahallasi, Hamid Olimjon va Zulfiyaxonim muzeyi atrofi, “O‘rda” ekologik bog‘i;
- Qashqadaryo: Shahrisabzning tarixiy maydoni, “Miraki” turistik markazi, Qarshi shahridagi Mustaqillik ko‘chasi;
- Sirdaryo: Guliston shahridagi Alisher Navoiy ko‘chasining 0,72 km qismi;
- Navoiy viloyati: “Yangi O‘zbekiston” bog‘i, Ma’naviyat bog‘i va Sarmishsoy qo‘riqxonasi;
- Surxondaryo: Termiz shahridagi A. Navoiyning ichki yo‘li;
- Xorazm viloyati: 24,5 gektar maydonga ega “Arda Xiva” turistik majmuasi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ