O‘zbekistonda 12 yillik maktab ta’limi joriy qilinadi

Xususan, 6 yoshli bolalar uchun bir yillik tayyorlov davrini maktab ta’limi tizimiga kiritish rejalashtirilmoqda

O‘zbekistonda 12 yillik maktab ta’limi joriy qilinadi

Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri o‘rinbosari Sardor Rajabov “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qilishicha, mamlakatda 12 yillik umumta’lim tizimiga o‘tishga tayyorgarlik boshlangan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, gap hozirgi kunda 100% ga yaqin qamrab olingan maktabga tayyorlov guruhlarini maktab ta’limi tizimiga qo‘shib, milliy tizimni xalqaro standartlarga yaqinlashtirish haqida bormoqda.

Ya’ni mana shu tizimni ham maktab ta’limiga qo‘shib turib, 12 yillik ta’limga o‘tish bo‘yicha topshiriq berildi, — dedi u.

Rajabovning fikricha, bu bu ta’lim sifatini oshirishi, shuningdek, xorijiy oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirayotgan abituriyentlar uchun mavjud to‘siqlarni bartaraf etishi kerak.

Bugungi kunda xorijiy oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirayotganda, bizning o‘quvchilarimiz bir yillik tayyorgarlik kurslarini (foundation courses), ya’ni boshlang‘ich tayyorgarlik bo‘yicha o‘qishga majbur bo‘lishyapti va bu bizning farzandlarimiz bir yil yo‘qotishiga olib kelyapti. Agarda biz 12 yillik ta’limni qonunchilikka kiritadigan bo‘lsak, bunda o‘quvchilar bir qator davlatlarda foundation kurslarini o‘qishga majbur bo‘lishmaydi va to‘g‘ridan-to‘g‘ri bakalavr darajasiga kirib o‘qish imkoniyati yaratiladi, — dedi vazir o‘rinbosari.

Asoslar

Prezident qaroriga berilgan tushuntirishda aytilishicha, O‘zbekistonda maktab ta’limi davomiyligi xorijiy tajriba va xalqaro standartlarga to‘g‘ri kelmaydi. Bunda o‘quvchilarning ta’lim olishini tizimli olib borish, bitiruvchilarni oliy ta’limga tayyorlashda aniq mexanizmlar mavjud emas. Buning natijasida har yili 15 ming bitiruvchi xorijda 1 yil qo‘shimcha (Foundation) kursda o‘qishga majbur bo‘lmoqda.

Tahlillarga ko‘ra, 2022-yilda o‘tkazilgan xalqaro PISA tadqiqotlarida eng yuqori natija qayd etgan 20 mamlakatning 85% ida ta’lim davomiyligi 12 yilni tashkil etadi. Shundan kelib chiqqan holda O‘zbekistonda ham ta’lim davomiyligini 12 yilga uzaytirish rejalashtirilmoqda.

Bunda, amalda mavjud bo‘lgan 6 yoshli bolalar uchun bir yillik maktabga tayyorlov davri boshlang‘ich ta’lim tarkibiga o‘tkaziladi. Buning uchun 3666 ta maktab hamda 1013 ta davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida yangi tartibdagi maktabga tayyorlov tashkil etiladi. Boshlang‘ich ta’lim mutaxassislarini tayyorlash dasturlari maktabga tayyorlov mazmuni bilan boyitiladi.

Buning uchun “Ta’lim to‘g‘risida” hamda “Maktabgacha ta’lim va tarbiya to‘g‘risida”gi qonunlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritiladi. Natijada 12 yillik ta’lim bosqichlari quyidagicha bo‘lishi taklif etilmoqda:

  • bir yillik maktabga tayyorlov va va 4 yillik boshlang‘ich ta’lim;
  • 5 yillik tayanch umumiy o‘rta ta’lim (5−9 sinflar);
  • 2 yillik umumiy o‘rta ta’lim (maktab, akademik litsey, harbiy maktablar, texnikumlar)

Buning natijasida O‘zbekistonda ta’lim bosqichlari YUNESKOning (ISCED-2011) xalqaro darajasi bilan muvofiqlashtiriladi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

1-yanvardan barcha turdagi ishonchnomalarni onlayn rejimda tekshirish platformasi yaratiladi
/
1-yanvardan barcha turdagi ishonchnomalarni onlayn rejimda tekshirish platformasi yaratiladi
Germaniya kansleri: JST o‘z vazifasini bajarishni to‘xtatdi
/
Germaniya kansleri: JST o‘z vazifasini bajarishni to‘xtatdi
O‘zbekistonda dollar kursi keskin pasaydi
/
O‘zbekistonda dollar kursi keskin pasaydi