O‘zbekiston Xitoyga qariyb $630 mlnlik gaz eksport qildi
Respublika energiya resurslarini yetkazib berish bo‘yicha beshta mamlakat qatoriga kirdi

Фото: ТАСС
2025-yil yanvar–sentabr oylarida O‘zbekiston Xitoyga quvur orqali gaz yetkazib beruvchi mamlakatlar orasida beshinchi o‘rinni egalladi. Bu davrda mamlakat Xitoyga qiymati $629,8 mlnlik energiya resurslarini eksport qilgan. Bu haqda TASS xabar berdi.
Xitoy Bosh bojxona boshqarmasining yangilangan statistik ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya 2025-yilning to‘qqiz oyi davomida Xitoyga quvur orqali gaz eksportini yillik hisobda 18,9% ga oshirib, $7,29 mlrdga yetkazgan va yetkazib beruvchilar orasida yetakchi o‘rinni egallagan.
Ikkinchi o‘rinda uzoq vaqt davomida yetakchi bo‘lib kelgan Turkmaniston joylashgan. Ushbu mamlakatdan Xitoyga eksport hajmi to‘qqiz oyda 12,7% ga kamayib, $6,46 mlrdni tashkil etdi.
Eksport qiluvchi mamlakatlar ro‘yxatiga, shuningdek, Myanma ($1,18 mlrd) va Qozog‘iston ($854,7 mln ortiq) kirgan. O‘zbekiston esa $629,8 mlnlik eksport hajmi bilan beshinchi pog‘onani egallagan.
Bosh bojxona boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2024-yilda Xitoy jami $21,1 mlrdlik quvur gazi import qilgan, bu ko‘rsatkich 2023-yilga nisbatan 8,6% ga o‘sishni bildiradi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ