OTB O‘zbekistonda $3,6 mlrdlik loyihalar amalga oshiradi
Mablag‘lar 2025−2026 yillarda amalga oshiriladigan 23 ta yangi loyihaga sarflanadi

O‘zbekistonda Osiyo taraqqiyot banki (OTB) ishtirokida 23 ta yangi loyihani amalga oshiradi. Bu haqda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
2025-yil 6−7 may kunlari Italiyaning Milan shahrida bo‘lib o‘tgan Osiyo taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashining 58-yillik yig‘ilishida O‘zbekiston delegatsiyasi Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev rahbarligida ishtirok etdi.
Tashrifning asosiy natijasi — 2025−2026 yillar davomida OTB Boshqaruvchilar kengashi raisi vakolati O‘zbekistonga o‘tishi haqida rasmiy e’lon qilinishi bo‘ldi va Jamshid Xo‘jayev Kengash raisi sifatida tasdiqlandi.
Yig‘ilish yakunlariga ko‘ra, OTB Boshqaruvchilar kengashining 59-yillik yig‘ilishi 2026-yil may oyida Samarqand shahrida o‘tkazilishi haqida yakdil qaror qabul qilindi.
Tadbir doirasida 2025−2026 yillar uchun umumiy qiymati $3,6 mlrd bo‘lgan 23 ta yangi loyihani amalga oshirish dasturi imzolandi.
Loyihalar ta’lim, ichimlik suvi ta’minoti, transport va moliyaviy-texnik yordam sohalari kabi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning asosiy yo‘nalishlarini qamrab oladi.
Kapital.uz avvalroq OTB O’zbekistonda iqlim o’zgarishidagi harakatlar dasturi uchun $250 mlnlik kredit ajratishi haqida xabar bergandi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ