O‘zbekistonning kredit reytingi bo‘yicha prognozi ilk bor “ijobiy”ga ko‘tarildi
Shuningdek, 2025-yilda inflyatsiya o‘rtacha 10% bo‘lishi prognoz qilingan bo‘lib, 2028-yilga kelib u 8,6% gacha pasayishi mumkin

Photo by: Alastair Pike / AFP
S&P xalqaro kredit reyting agentligi O‘zbekistonning suveren kredit reytingini “BB-“ darajasida tasdiqladi va ilk bor kutilmani “barqaror”dan “ijobiy”ga oshirdi.
Agentlik 23-may kuni e’lon qilgan hisobotida quyidagilarga alohida e’tibor qaratgan:
- Energetika xavfsizligi, subsidiyalar fonidagi yuqori fiskal xarajatlar va gaz importining oshishiga javoban hukumat 2023-yilning oktyabridan elektr va gaz tariflarini oshirishni boshladi. 2027-yilgacha energiya narxlari to‘liq xarajatlarni qoplash darajasiga yetkazilishi rejalashtirilgan. Subsidiyalarning qisqarishi, qulay oltin narxlari va nominal YaIMning o‘sishi budjet taqchilligini 2025–2028 yillarda o‘rtacha 3% gacha kamaytirishga yordam beradi (2023 -ilda 4,9%, 2024-yilda 3,3% bo‘lgan).
- Hukumat rivojlanish rejalarini moliyalashtirish uchun katta hajmdagi qarz jalb qilyapti. Bu esa umumiy davlat va tashqi qarz darajasining oshishiga olib keldi, biroq o‘sish sur’ati sekinlashishi kutilyapti. Joriy hisob taqchilligi 2024-yilda YaIMning 5% ini tashkil etdi, 2025–2028 yillarda esa bu ko‘rsatkich o‘rtacha 5,7% gacha kengayadi, bu oltin narxlarining pasayishi va davlat investitsiya loyihalariga xizmat qiluvchi importning oshishi bilan bog‘liq.
- 2025–2028 yillarda iqtisodiy o‘sish o‘rtacha 5,6% bo‘lishi prognoz qilinyapti.
- Qarorlar qabul qilish markazlashganicha qoladi. Korrupsiyani qabul qilish yaxshilanayotganiga qaramay, hali ham yuqoriligicha qolyapti.
Elektr va gaz tariflarining bosqichma-bosqich oshirilishi orqali energiya ta’minoti diversifikatsiya qilinyapti. ACWA Power (Saudiya Arabistoni) 2030-yilgacha elektr energiyasi ishlab chiqarishga $7,5 mlrd (YaIMning 7%) sarmoya kiritadi. Hozirda O‘zbekistonda iste’mol qilinayotgan energiyaning 20% i yashil manbalardan olinadi, 2030-yilgacha bu ko‘rsatkich 40%ga yetkazilishi kutilyapti. Shuningdek, eksport salohiyatini oshirish uchun mis, oltin, kumush va uran ishlab chiqarishni kengaytirish rejalashtirilgan, deyiladi hisobotda.
S&P kutilmalariga ko‘ra, 2025 yilda jon boshiga YaIM $3,3 mingni tashkil etadi. Bu yuqori iqtisodiy o‘sish sur’atlariga qaramay, jahon standartlariga ko‘ra hali ham past ko‘rsatkich hisoblanadi. Mazkur holat O‘zbekistonning suveren reytinglarini cheklab turadi.
2025-yilda oltin narxlari rekord darajada qimmatlashdi, bu esa tegishli soliq tushumlari orqali davlat daromadlarini oshiradi. O‘zbekiston budjet daromadlarining taxminan uchdan bir qismi oltin va mis kabi xomashyo bilan bog‘liq tushumlar hisobiga shakllanadi. Hukumat energiya va gaz tariflarini oshirish 2025-yilda YaIMning 0,5% ini tejash imkonini beradi, deb hisoblayapti. Boshqa fiskal islohotlarga ijtimoiy xarajatlar va ayrim soliq imtiyozlarining bekor qilinishi kiritilgan.
S&P kutilmalariga ko‘ra, davlat qarzi va davlat tomonidan kafolatlangan qarz 2024-yildagi YaIMning 33% idan 2027-yilda YaIMning taxminan 40% igacha oshishi mumkin.
Xalqaro ekspertlar energiya tariflari oshganini hisobga olgan holda, inflatsiya 2025-yildagi o‘rtacha 10,% bo‘lishini prognoz qilgan. 2028-yilga borib inflatsiya darajasi 8,6% ga tushishi mumkin.
Bank tizimida ham umumiy aktivlarning 67% i davlat banklariga tegishli bo‘lib, hukumatning imtiyozli kreditlash dasturlari bilan birgalikda samaradorlikka ta’sir qiladi. 2023-yilda Ipotekabank xususiylashtirilgach, rasmiylar Asakabank va Sanoatqurilishbankni xususiylashtirishni rejalashtiryapti. S&P buni vaqt talab qiladigan jarayon deb hisoblaydi. Chunki davlat banklari investorlar uchun jozibador bo‘lishi uchun rentabellik va samaradorligini oshirishi kerak.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ