O‘zbekiston iqtisodiyoti o‘sish sur’atlari bo‘yicha mintaqada yetakchi beshtalikka kiradi — Jahon banki
Mamlakatda YaIM 2025-yilda 6,2% ga, 2026-yilda esa 6% ga o‘sishi prognoz qilinmoqda
Jahon banki prognoziga ko‘ra, O‘zbekiston yaqin ikki yil ichida Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasida iqtisodiy o‘sish sur’atlari bo‘yicha yetakchi mamlakatlardan biri bo‘lib qoladi. Bu haqda tashkilotning hisobotida ma’lum qilindi.
Mutaxassislarning baholashicha, mamlakat yalpi ichki mahsuloti (YaIM) 2025-yilda 6,2% ga, 2026-yilda esa 6% ga o‘sadi. Bu ko‘rsatkich O‘zbekistonni mintaqadagi eng tez rivojlanayotgan beshta iqtisodiyot qatoriga kiritadi.
Hisobotda qayd etilishicha, 2025-yilda mintaqa YaIM o‘sishi 2024-yildagi 3,7% dan 2,4% gacha sekinlashadi. Bunga Rossiyadagi iqtisodiy faollikning pasayishi asosiy sabab bo‘ladi. Agar Rossiya hisobga olinmasa, o‘sish sur’ati 2025-yilda 3,3% darajasida saqlanib qoladi.
Markaziy Osiyo mamlakatlari mintaqa bo‘yicha eng yuqori o‘sish sur’atlarini namoyish etishda davom etmoqda. Prognozlarga ko‘ra, subregion YaIMi 2025-yilda 5,9% ga ortadi. Iqtisodiy o‘sishga Qozog‘istonda neft qazib olish hajmining ko‘payishi, Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekistonga yuborilayotgan pul o‘tkazmalari hajmining oshishi, shuningdek, faol investitsiyalar turtki beradi.
Jahon bankining prognozida aytilishicha, O‘zbekiston iqtisodiyoti asosan investitsiyalar va eksport hajmining ortishi, shuningdek, kimyo sanoati, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari (AKT) sohasi va meva-sabzavotchilik kabi muhim tarmoqlarda tuzilmaviy islohotlarning davom etishi hisobiga rivojlanadi.
Eng yuqori iqtisodiy o‘sish sur’atlari kutilayotgan davlatlar qatorida Qirg‘iz Respublikasi (2025-yilda 9,2% va 2026-yilda 6,5%), Tojikiston (7,6% va 5,2%), Gruziya (7% va 5,5%) hamda Qozog‘iston (5,5% va 4,5%) keltirilgan.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ