O‘zbekiston 2024-yilda dunyoning eng yirik oltin xaridorlari orasida yetakchi bo‘ldi
Xususan, noyabr oyida oltin zaxiralari 9 tonnaga oshgan
Dunyo Oltin Kengashi (World Gold Council) tahlillariga ko‘ra, O’zbekiston Markaziy Banki o‘tgan yilda oltin sotib olish bo‘yicha dunyoda ikkinchi o‘rinni egallagan va noyabr oyida O‘zbekiston oltin zaxiralari 9 tonnaga oshgan.
Bu iyul oyidan buyon amalga oshirilgan birinchi oylik xarid bo‘lib, natijada yil boshidan beri sotib olingan barcha oltin hajmi 11 tonnaga, jami zaxiralar esa 382 tonnaga yetgan.
Hisobotda aytilishicha, 2024-yil noyabr oyida dunyo markaziy banklar umumiy hisobda 53 tonna oltin qo‘shib, barqaror xarid tendensiyasini saqlab qolgan. Bu AQSh saylovlaridan keyin oltin narxining pasayishi ba’zi markaziy banklar uchun zaxiralarni oshirish imkoniyatini yaratgan bo‘lishi mumkin.
Shuningdek, oltin sotib olish bo‘yicha yetakchilikni egallagan Polsha Milliy banki (NBP) noyabr oyida oltin zaxiralarini 21 tonnaga oshirib, jami 448 tonnaga yetkazdi. Hozirda bankning umumiy zaxiralarining deyarli 18% ini oltin tashkil etadi. Bu xarid NBPni yil davomida eng yirik oltin xaridori sifatida mustahkamladi (90 tonna).
Hindiston Zaxira banki 2024-yildagi xarid strategiyasini davom ettirib, noyabr oyida yana 8 tonna oltin sotib oldi. Shu tariqa, yil boshidan beri sotib olingan oltin miqdori 73 tonnaga yetdi va jami oltin zaxiralari 876 tonnani tashkil etmoqda. Hindiston 2024-yilda Polshadan keyin eng yirik xaridor bo‘lib qolmoqda.
Qo‘shni Qozog‘iston Markaziy banki ketma-ket ikkinchi oy oltin xaridini davom ettirib, noyabrda o‘z zaxiralarini 5 tonnaga oshirdi. Natijada yil boshidan beri sof xarid hajmi 1 tonnaga yetib, umumiy oltin zaxiralari 295 tonnani tashkil etdi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ