O‘zbekiston 2030-yilgacha eksport hajmini $67 mlrdga yetkazishni rejalashtirmoqda
Shuningdek, eksport tarkibida tayyor mahsulotlar ulushi 70% ga olib chiqiladi
Фото: «РИА Новости»
O‘zbekiston 2030-yilga kelib eksport hajmini $67 mlrdga yetkazishni maqsad qilmoqda. Bu ko‘rsatkichlar jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan yangilangan “O‘zbekiston–2030” strategiyasi haqidagi loyihada belgilangan.
Strategiyaga muvofiq, eksport hajmi bosqichma-bosqich oshirib boriladi. Jumladan, 2026-yilda eksport $40 mlrdni tashkil etadi. 2027-yilda bu ko‘rsatkich $45 mlrdga, 2028-yilda $52 mlrdga, 2029-yilda $60 mlrdga yetishi, 2030-yil yakuniga kelib esa $67 mlrdga chiqishi rejalashtirilgan.
Eksport salohiyatini kengaytirishda eksport bilan shug‘ullanuvchi korxonalar sonini oshirishga ham alohida e’tibor qaratilgan. 2026-yilda 7,7 mingta bo‘lgan eksportyorlar soni 2027-yilda 9,1 mingtaga, 2028-yilda 10,8 mingtaga, 2029-yilda 12,8 mingtaga yetadi. 2030-yilga borib esa ushbu ko‘rsatkich 15 mingtani tashkil etishi kutilmoqda.
Strategiyada tayyor va yarim tayyor mahsulotlar eksportini oshirish ustuvor vazifa sifatida belgilangan. 2026-yilda eksport tarkibida tayyor mahsulotlar ulushi 55% ni tashkil etsa, 2027-yilda bu ko‘rsatkich 58% ga, 2028-yilda 62% ga, 2029-yilda 66% ga va 2030-yilda 70% ga yetkazilishi rejalashtirilgan.
Xususan, GSP+ tizimi va boshqa imtiyozli savdo rejimlari doirasida o‘zbek tayyor hamda texnologik mahsulotlarini Yevropa bozorlariga olib chiqishga katta urg‘u berilmoqda. Bu eksport geografiyasini kengaytirish va yuqori qo‘shimcha qiymatga ega mahsulotlar ulushini oshirishga xizmat qiladi.
Shu bilan birga, xalqaro standartlarni joriy etgan korxonalar soni ham izchil oshib boradi. 2026-yilda bunday korxonalar soni 3 mingtani tashkil etsa, 2030-yilga kelib ularning soni 5 mingtaga yetadi. “Yangi O‘zbekiston — raqobatbardosh mahsulotlar mamlakati” konsepsiyasi doirasida milliy brendlarni xorijiy bozorlarda ilgari surish va qo‘llab-quvvatlash choralari ham kuchaytiriladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ