Ozarbayjon kompaniyalari O‘zbekistonda qurilish loyihalarini amalga oshiradi
Xususan, “Matanat-A” va “Turan Az” kompaniyalari Namanganda uy-joy qurishni rejalashtirmoqda

Foto: ISSV
1-iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasining Ozarbayjon Respublikasiga rasmiy tashrifi doirasida Boku shahrida Ozarbayjonning yetakchi kompaniyalari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muzokaralar yakunida sut mahsulotlarini ishlab chiqarish va qayta ishlash, kimyo va elektrotexnika sanoati, yuqori kuchlanishli kabellar ishlab chiqarish, uy-joy qurilishi hamda qurilish materiallari ishlab chiqarish kabi iqtisodiy hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini qamrab olgan ikki tomonlama hujjatlar imzolandi.
Ozarbayjon Trend agentligi xabariga ko‘ra, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi “Matanat-A” va “Turan Az” kompaniyalari bilan qurilish sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish to‘g‘risida kelishib olgan. Bu loyihalar qurilish aralashmalari va gipsokarton ishlab chiqarish, shuningdek, Namanganda uy-joy qurilishini o‘z ichiga oladi.
To‘rtta kompaniya sut mahsulotlari ishlab chiqarish sohasida kelishuv imzoladi. O‘zbekistonning “Panamilk” kompaniyasi Ozarbayjonning “Atena” kompaniyasi bilan, “Jizzax Organic” esa “Milla Dairy” bilan hamkorlik qiladi.
Bundan tashqari, “Havas Holding” guruhi Ozarbayjonning “RJ Chemical Co.” bilan maishiy kimyo mahsulotlarini ishlab chiqarish va sotish bo‘yicha hamkorlik shartnomasini tuzdi. “O‘zeltexsanoat” uyushmasi va “STP Global Cable” yuqori kuchlanishli kabellar ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma loyihani amalga oshirmoqda.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ