OTB O‘zbekistonda iqtisodiy islohotlarni qo‘llab-quvvatlash uchun $500 mln ajratadi

Kredit davlat sektori samaradorligini oshirish, korxona boshqaruvini modernizatsiya qilish va JSTga a’zolik jarayonini jadallashtirishga yo‘naltiriladi

OTB O‘zbekistonda iqtisodiy islohotlarni qo‘llab-quvvatlash uchun $500 mln ajratadi

Osiyo taraqqiyot banki (OTB) O‘zbekistonda institutsional islohotlarni qo‘llab-quvvatlash uchun $500 mln miqdorida kredit ajratishni ma’qulladi. Bu haqda bank axborot xizmati ma’lum qildi.

Mablag‘lar Iqtisodiy boshqaruvni takomillashtirish dasturining ikkinchi bosqichi (EMIP II) doirasida ajratilib, hukumatning davlat sektori samaradorligini oshirish, iqtisodiy boshqaruvni takomillashtirish va mamlakatning jahon iqtisodiyotiga integratsiyalashuvini jadallashtirish yo‘lidagi sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltiriladi.

Dastur O‘zbekistonning institutsional bazasini mustahkamlash va global integratsiyasini chuqurlashtirish yo‘lidagi islohotlar majmuini nazarda tutadi. Jumladan:

  • davlat-xususiy sheriklikka davlat investitsiyalarini tartibga soluvchi yagona qoidalarni qabul qilish;
  • raqobat va investitsiyalarni boshqarishni takomillashtirish uchun zarur qonunchilik asoslarini ishlab chiqish;
  • davlat korxonalari boshqaruvini modernizatsiya qilish (bunda direktorlar kengashining takomillashtirilgan tuzilmalari, gender vakilligining maqsadli ko‘rsatkichlari va moliyaviy hisobotning xalqaro standartlarini majburiy qo‘llashga e’tibor qaratiladi);
  • soliq bazasini kengaytirish, xalqaro soliq hamkorligini mustahkamlash;
  • manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi qonunni qabul qilish va audit tizimlarini takomillashtirish orqali korrupsiyaga qarshi kurashish;
  • JSTga a’zo bo‘lish jarayonlarida milliy qonunchilikni jahon savdo va investitsiya me’yorlariga moslashtirish.

“Islohotlarning ijtimoiy jihatlarini e’tiborga olgan holda, dastur ijtimoiy himoya tizimini mustahkamlash va iqtisodiy qayta qurishning aholining zaif qatlamlariga ta’sirini yumshatish bo‘yicha chora-tadbirlarni ham o‘z ichiga oladi. Ushbu chora-tadbirlar islohotning afzalliklari barcha qatlamlarni qamrab olishini ta’minlashga va uzoq muddatli ijtimoiy birdamlikka hissa qo‘shishga qaratilgan”, — deya qayd etadi bank.

2025-yilda O‘zbekiston va OTB hamkorligiga 30 yil to‘ladi. 1995-yilda bankka qo‘shilganidan beri O‘zbekiston bankdan qarzlar, grantlar va texnik yordam ko‘rinishida $14,6 mlrd olgan.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Shavkat Mirziyoyev Toshkentning yangi aeroporti qurilishiga start berdi
/
Shavkat Mirziyoyev Toshkentning yangi aeroporti qurilishiga start berdi
O‘zbekistonda qimmatbaho metallar savdosidagi chegirmalar muddati uzaytirildi
/
O‘zbekistonda qimmatbaho metallar savdosidagi chegirmalar muddati uzaytirildi
Yil boshidan buyon O‘zbekistonga 8,6 mlndan ortiq turist tashrif buyurdi
/
Yil boshidan buyon O‘zbekistonga 8,6 mlndan ortiq turist tashrif buyurdi