O‘zbekistonda “Oqilona iste’mol” dasturi yo‘lga qo‘yiladi
Do‘kon va savdo markazlarida muddati tugayotgan mahsulotlar uchun maxsus rastalar tashkil etiladi

Yirik savdo markazlari va oziq-ovqat do‘konlariga kirish joylarida iste’mol muddati tugash arafasida bo‘lgan mahsulotlar rastalarini tashkil etiladi. Bu haqdagi Vazirlar Mahkamasining qarori qabul qilindi.
Qaror bilan umumiy ovqatlanish sohasida oziq-ovqat chiqindilari hosil bo‘lishini kamaytirish va ortiqcha isrofgarchiliklarning oldini olishga qaratilgan “Oqilona iste’mol” (Save food) dasturini amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi tasdiqlandi.
Dasturga ko‘ra, yirik savdo markazlari va oziq-ovqat do‘konlariga kirish joylarida iste’mol muddati tugash arafasida bo‘lgan mahsulotlar rastalarini tashkil etiladi. Iste’mol qilish muddati tugash arafasida bo‘lgan mahsulotlar narxini har 10 kunda pasaytirib boriladi.
2026-yil 1-iyuldan boshlab:
- “O‘zsuvta’minot” AJ tomonidan oqova suvlardagi yog‘-moy mahsulotlari ajratib olinishini ta’minlaydigan yog‘-moy tutgich uskunalari mavjud bo‘lgan umumiy ovqatlanish korxonalariga markazlashgan oqova suv tizimlariga ulanishga ruxsat beriladi;
- umumiy ovqatlanish korxonalarida har oyda kamida bir marotaba yog‘-moy tutgich uskunalarining texnik xususiyatlaridan kelib chiqib, ularni chiqindi yog‘-moylardan tozalash, ushbu chiqindi yog‘-moylarni qayta ishlash va utilizatsiya qilish ta’minlanadi;
- umumiy ovqatlanish korxonalarida oziq-ovqat mahsulotlarini pishirish uchun gaz ta’minoti, ular bo‘lmaganda, yog‘och yoki tayyor ko‘mirdan foydalanishda atmosfera havosini ifloslantiruvchi moddalar va hidlarni ushlab qoluvchi qurilmalarni o‘rnatish choralari ko‘riladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ