O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari hajmi 2025-yilda tarixiy rekordni yangiladi
Zaxiralar $66,31 mlrdga yetib, o‘sish, asosan, oltin narxining oshishi hisobiga yuz berdi
Dekabr oyida O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari hajmi yana tarixiy rekordni yangiladi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki ma’lumotlarida keltirilgan.
2026-yil 1-yanvar holatiga ko‘ra, Markaziy bank zaxiralaridagi aktivlarning umumiy qiymati $66,31 mlrdni tashkil etdi. O‘tgan oy davomida zaxiralar $5,08 mlrdga, ya’ni 8,3% ga oshgan. Yil boshidan buyon o‘sish 61% ni tashkil etdi. Ushbu ko‘rsatkich ma’lumotlar e’lon qilina boshlangan davrdan buyon eng yuqori daraja hisoblanadi.
Markaziy bank zaxiralaridagi oltin qiymati ham rekord darajaga chiqdi. Qimmatbaho metall narxi bir oyda $4,23 mlrdga oshib, $55,09 mlrdni tashkil etdi. Oltinning fizik hajmi 0,4 mln troy unsiyaga ko‘payib, 12,2 mlndan 12,6 mln troy unsiyaga yetdi.
Shu davrda O‘zbekistonning valyuta zaxiralari $1,09 mlrdga yoki 8,4% ga oshdi va $10,64 mlrddan yuqori bo‘ldi. Xususan, xorijiy markaziy banklar va Xalqaro valuta jamg‘armasidagi hisob raqamlarida $1,48 mlrd, xorijiy banklardagi mablag‘lar esa $7,63 mlrdni tashkil etdi.
Bundan tashqari, Markaziy bank tomonidan sotib olingan qimmatli qog‘ozlar qiymati $5,3 mlnga oshib, $1,53 mlrdga yetdi. Oltin-valyuta zaxiralari tarkibida aksiyalar va obligatsiyalar ulushi 2,3% ni tashkil etadi.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston noyabr oyida dunyodagi eng yirik oltin xaridorlari uchligiga kirgan. Markaziy bank bir oyda 10 tonna oltin sotib olgan bo‘lib, yil boshidan buyon oltin xaridi hajmi bo‘yicha mamlakat dunyoda 3-o‘rinda qolmoqda.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ