O‘zbekiston dunyodagi oltin ishlab chiqaruvchilar o‘ntaligiga kirdi
Ishlab chiqarilgan 129 tonna qimmatbaho metall jahon hajmining 3,5% ini tashkil qiladi

2024-yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston oltin qazib olish bo‘yicha jahon reytingida 10-o‘rinni egallab, 129 tonna qimmatbaho metall ishlab chiqardi. Bu umumiy jahon ko‘rsatkichining 3,5% ini tashkil etadi, deya xabar bermoqda WGC.
Jahon oltin kengashi ma’lumotlariga ko‘ra, 2024-yilda dunyo bo‘yicha oltin qazib olish hajmi 3,66 ming tonnani tashkil etib, o‘tgan yilga nisbatan 0,5%ga oshgan. Eng yirik ishlab chiqaruvchilar qatorida Xitoy (380 tonna), Rossiya (330 tonna), Avstraliya (284 tonna), Kanada (202 tonna) va AQSh (158 tonna) bor. Qozog‘iston 87 tonna ko‘rsatkich bilan 14-o‘rinni egallagan.
Oltinning eng yirik iste’molchisi zargarlik sanoati bo‘ldi. Bu soha ulushiga 2 ming tonna to‘g‘ri kelgan. Talab 11% ga kamayib, 1,87 ming tonnani tashkil etgan bo‘lsa-da, zargarlik buyumlariga sarf-xarajatlar 9%ga oshib, $144 mlrdga yetdi.
Eslatib o‘tamiz, avgust oyida O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari tarixiy rekord darajaga chiqib, $50 mlrddan oshdi. Markaziy bank zaxiralaridagi aktivlarning umumiy qiymati 1-sentabr holatiga ko‘ra $50,08 mlrdni tashkil etdi, bu esa bir oy oldingiga nisbatan $1,34 mlrdga ko‘proqdir.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ