Oʻzbekistonda oltin investitsiyalarining yangi davri: aholiga mobil ilova orqali qimmatbaho metallarni sotib olish imkoniyati yaratiladi

Endilikda oltin va boshqa qimmatbaho metallarga nafaqat quymalar koʻrinishida, balki elektron shaklda ham sarmoya kiritishi mumkin boʻladi

Oʻzbekistonda oltin investitsiyalarining yangi davri: aholiga mobil ilova orqali qimmatbaho metallarni sotib olish imkoniyati yaratiladi

Oʻzbekiston aholisi endilikda oltin va boshqa qimmatbaho metallarga nafaqat quymalar koʻrinishida, balki elektron shaklda ham sarmoya kiritishi mumkin boʻladi. Markaziy bank tomonidan qimmatbaho metallar bozorini tartibga soluvchi yangi mexanizm joriy etilishi arafasida bozor ishtirokchilari va mijozlar orasida katta qiziqish uygʻonmoqda. Kapital.uz muxbiri ushbu yangilik qanday oʻzgarishlarga olib kelishi va fuqarolar uchun qanday imkoniyatlar yaratishi haqida Markaziy bank departament direktori Sanjar Valiev bilan suhbatlashdi.

Dedollarizatsiyaga xizmat qiluvchi yangi mexanizm

Soʻnggi yillarda aholining xorijiy valyutadagi jamgʻarmalari yuqori darajada saqlanib kelmoqda. Markaziy bankning yangi tartibi ana shu tendensiyani muvozanatlashga, dedollarizatsiya jarayonini kuchaytirishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Bu oʻzgarish aholining jamgʻarish va investitsiya imkoniyatlarini kengaytiradi. Mablagʻlarni nafaqat dollarda, balki oltin va boshqa qimmatbaho metallarda saqlash ham mumkin boʻladi. Bu esa iqtisodiyotning ichki barqarorligiga ijobiy taʼsir qiladi, — deydi Sanjar Valiev.

Valievning soʻzlariga koʻra, yangi tartib banklarga oltin depozitlari, metall hisobvaraqlari va boshqa zamonaviy mahsulotlarni taklif etish imkonini beradi. Bu esa aholiga anʼanaviy omonatlardan tashqari muqobil moliyaviy vositalarni tanlash imkoniyatini beradi.

Oltinni bir necha tugma orqali xarid qilish

Eng muhim yangiliklardan biri — oltin va boshqa metallarni sotib olish jarayonining soddalashtirilishi. Endilikda fuqarolar nafaqat bank filiallari orqali, balki mobil ilovalar yordamida ham oltin xarid qilishi yoki sotishi mumkin boʻladi.

Minimal investitsiya miqdori jismoniy quymalar uchun 5 grammni tashkil etadi. Elektron oltin uchun esa bu ko‘rsatkich banklar tomonidan mustaqil belgilanadi va hatto 0,1 gramm darajasida ham boshlanishi mumkin, — deya izoh berdi Valiev.

Mobil ilovalarda xarid va sotish jarayonining shaffofligini taʼminlash uchun joriy narxlar hamda avvalgi davrlardagi statistika real vaqt rejimida ko‘rsatiladi. Bu aholiga bozordagi oʻzgarishlarni kuzatib borish va toʻgʻri qaror qabul qilish imkonini beradi.

Kuzatishimizcha, ayrim yirik banklar allaqachon o‘z ilovalariga oltin bilan ishlash bo‘limlarini qo‘shish ustida ishlamoqda. Mutaxassislar buni Oʻzbekiston moliyaviy bozorida raqamli transformatsiyaning navbatdagi bosqichi sifatida baholamoqda.

Investitsiyadagi asosiy xatarlar

Mutaxassislar aholiga oltinni investitsiya vositasi sifatida tanlashdan avval bozor xatarlarini puxta oʻrganishni tavsiya qiladi. Soʻnggi yillarda oltin narxi global bozorlar taʼsirida keskin oʻzgarib kelmoqda.

“Bugun oltin narxi barqaror oʻsishi mumkin, biroq ertaga uning keskin pasayishi ehtimoli ham bor. Shu bois, har bir investor kutilayotgan daromad bilan bir qatorda yoʻqotish ehtimolini ham hisobga olishi zarur,” — deydi Sanjar Valiev.

Uning soʻzlariga koʻra, barcha jamgʻarmalarni faqat oltin yoki bitta moliyaviy instrumentga yoʻnaltirish katta risk tugʻdiradi. Optimal strategiya — mablagʻlarni turli aktivlarga diversifikatsiya qilishdir. Bu nafaqat xatarlarni kamaytiradi, balki investitsiya portfelining barqarorligini ham taʼminlaydi.

Oʻzbekiston xalqaro zaxiralarida oltinning oʻrni

Oʻzbekiston xalqaro zaxiralari tarkibida oltinning ulushi juda yuqori — 1-sentabr holatiga koʻra 80%ni tashkil etadi. Bu esa global oltin narxlarining mamlakat zaxiralari qiymatiga bevosita taʼsir koʻrsatishini anglatadi.

Oltinning jismoniy hajmi yildan-yilga barqaror oʻsmoqda. Ulushning keskin oshishi esa global bozor narxlarining oʻzgarishi bilan bogʻliq, — dedi Markaziy bank vakili.

Hozircha Oʻzbekistonning mintaqaviy oltin savdo platformalarida faol ishtirok etish yoki xalqaro tashabbuslarga qo‘shilish bo‘yicha rejalar mavjud emas.

Banklararo raqobat kuchaymoqda

Bugungi kunda qimmatbaho metallar bozorida Milliy bank va bir qator yirik tijorat banklari yetakchilik qilmoqda. Yangi tartibning joriy etilishi bilan bozor yanada faollashishi va raqobatning kuchayishi kutilmoqda.

Bizning vazifamiz — banklar oʻrtasida sogʻlom va ochiq raqobat muhitini yaratish. Markaziy bank bozor ishtirokchilari oʻrtasidagi raqobatga aralashmaydi, — deydi Valiev.

Yaqin yillarda banklar oltin asosidagi “raqamli kartalar” va mijozlar oʻrtasida oltin koʻrinishidagi oʻtkazmalarni amalga oshirish imkoniyatlarini ham joriy etishi mumkin.

Firibgarlikdan himoya va xavfsizlik tizimlari

Mobil ilovalar orqali amalga oshiriladigan operatsiyalar xavfsizligini taʼminlash bo‘yicha chora-tadbirlar ham kuchaytiriladi. Banklar identifikatsiya va autentifikatsiya tizimlarini joriy qilib, firibgarlikning oldini olishga xizmat qiluvchi mexanizmlarni ishlab chiqmoqda.

Biroq qimmatbaho metallarni noqonuniy aylanmasiga qarshi kurash va yagona nazorat tizimini yaratish Markaziy bank vakolatiga kirmaydi.

Yaqin 3–5 yillik istiqbol

Sanjar Valievning prognoziga koʻra, yaqin 3–5 yil ichida aholining investitsiya imkoniyatlari kengayishi ortidan qimmatbaho metallardagi jamgʻarmalar hajmi ortadi.

Ichki bozorda oltin narxi jahon bozoridagi tendensiyalar va milliy valyuta kursi asosida shakllanadi. Yangi tartib oltinga boʻlgan talabni oshirishi, bu esa banklar tomonidan yangi xizmatlar taklif etilishiga olib kelishi mumkin.

Bu bozor uchun yangi davr boshlanishi demakdir. Banklar aholiga yanada qulay va innovatsion yechimlar taklif qiladi, — deya soʻzini yakunladi Markaziy bank vakili.

Xulosa:

Yangi tartib Oʻzbekiston moliyaviy bozorida muhim bosqich boʻlib, aholiga oltin orqali jamgʻarma va investitsiya qilishning qulay yoʻllarini taqdim etadi. Bu dedollarizatsiya jarayonini tezlashtirish bilan birga, bank sektorida raqobatni kuchaytirib, yangi raqamli mahsulotlarning paydo boʻlishiga ham yoʻl ochadi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Markaziy bank xalqaro rezervlarida AQSh qimmatli qog‘ozlariga urg‘u bermoqda
/
Markaziy bank xalqaro rezervlarida AQSh qimmatli qog‘ozlariga urg‘u bermoqda
Markaziy bank asosiy stavkani 14% darajasida qoldirdi: biznes va bozor uchun barqarorlik signali
/
Markaziy bank asosiy stavkani 14% darajasida qoldirdi: biznes va bozor uchun barqarorlik signali
Biznes uchun moliyaviy prognozlash usullari
/
Biznes uchun moliyaviy prognozlash usullari