OIIB O‘zbekistonga “yashil iqtisodiyot”ni rivojlantirish uchun $500 mln ajratadi
Mablag‘lar davlat xaridlariga iqlim standartlarini joriy etish va uglerod kreditlari bozorini yaratishga yo‘naltiriladi
O‘zbekiston va Osiyo infratuzilma investitsiyalari banki (OIIB) barqaror bozor iqtisodiyoti modeliga o‘tish dasturini moliyalashtirish bo‘yicha kelishuv imzoladi. Bu haqda moliya institutining matbuot xizmati xabar berdi.
Ajratiladigan $500 mln miqdoridagi mablag’ iqtisodiyotning kam uglerodli o‘sishini ta’minlash hamda iqlim o‘zgarishiga chidamliligini oshirish choralari kuchaytirilishiga yo‘naltiriladi. Dastur, shuningdek, davlat sektorining samaradorligini oshirishga qaratilgan islohotlarni o‘z ichiga oladi.
Asosiy yo‘nalishlar energetika sohasi va davlat korxonalarida boshqaruvning shaffofligini oshirish bo‘ladi. Davlat xaridlarida iqlimga mos standartlarni joriy etish, shuningdek uglerod birliklarini chiqarish va muomalaga kiritish bo‘yicha aniq qoidalarni shakllantirish rejalashtirilgan. Buning uchun kuzatuv va verifikatsiya qilishning ishonchli tizimi yaratiladi, bu esa xususiy kapitalni jalb etishga xizmat qiladi.
Loyiha Jahon banki bilan hamkorlikda moliyalashtirilmoqda va O‘zbekistonning yashil iqtisodiyotga o‘tish bo‘yicha milliy strategiyasiga to‘liq mos keladi. Tashabbus, shuningdek, “O‘zbekiston–2030” strategiyasining toza energetika va resurslardan samarali foydalanish bo‘yicha maqsadlarini qo‘llab-quvvatlaydi.
OIIB investitsiyalar bo‘yicha direktori Konstantin Lemitovskiyning ta’kidlashicha, mazkur dastur iqlimiy moliyalashtirishni kengaytirish va xususiy biznesning ishtirokini kuchaytirish uchun qulay sharoit yaratadi. Bank iqtisodiyotni transformatsiya qilish masalalarida O‘zbekiston bilan hamkorlikni davom ettirishga umid qilmoqda.
Kutilishicha, toza energiya yechimlarini joriy etish va resurslardan oqilona foydalanish issiqxona gazlari chiqindilarining kamayishiga va havo sifatining yaxshilanishiga olib keladi. Shuningdek, energiya tejamkor texnologiyalarga kengroq kirish imkoniyati aholining energiya xarajatlarini qisqartirishga yordam beradi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ