O‘zbekistonda “ochiq turizm mavsumi” e’lon qilinadi
Bu vaqtda yangi aviareyslarda kelgan har bir xorijiy sayyoh uchun $100 dan subsidiya beriladi
Foto: Prezident matbuot xizmati
Turizm uchun eng qulay davr hisoblangan aprel–iyun oylariga alohida dastur ishlab chiqilib, “O‘zbekistonda ochiq turizm mavsumi” e’lon qilinadi, deb xabar bermoqda prezident matbuot xizmati.
Mazkur davrda yangi aviareyslarni yo‘lga qo‘ygan aviakompaniyalarga olib kelingan har bir xorijiy sayyoh uchun $100 dan subsidiya beriladi. Shuningdek, bunday aviakompaniyalar uchun aeroport xizmatlariga 20% chegirma taqdim etiladi.
Mahalliy turoperatorlar uchun ham qo‘shimcha rag‘batlantirish choralari joriy etiladi. 1-apreldan boshlab uch oy davomida jalb qilingan har 1 ming xorijiy turist uchun budjetdan $5 minggacha subsidiya ajratiladi. Qo‘shilgan qiymat solig‘ining yarmi esa “keshbek” shaklida qaytariladi.
O‘zbekistonni xalqaro maydonda keng targ‘ib qilish maqsadida ijtimoiy tarmoqlarda 5 mln dan ortiq kuzatuvchiga ega 50 nafar xorijiy blogerga mamlakatga yetti kunlik bepul turpaket taqdim etiladi. Shuningdek, dunyoning yirik onlayn sayyohlik platformalarida O‘zbekiston sayyohlik salohiyatini reklama qilish bilan bog‘liq xarajatlar ham qoplab beriladi.
Joriy yilda Samarqandda kamida 5 nafar dunyoga mashhur san’atkorning gastrollari, 10 ta biznes-forum va moda festivallarini o‘tkazish muhim ekani qayd etildi. Bundan tashqari, shaharni aniq va tabiiy fanlar bo‘yicha olimpiada, forum va ilmiy konferensiyalar o‘tkaziladigan xalqaro markazga aylantirish imkoniyati mavjudligi ta’kidlandi.
Xususan, 2028-yilda Samarqandda bo‘lib o‘tadigan Xalqaro astronavtika kongressida 100 dan ortiq davlatdan qariyb 10 ming ishtirokchi qatnashish istagini bildirgan. Mutasaddilarga ushbu yo‘nalishda xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni kuchaytirib, maxsus dastur ishlab chiqish topshirildi.
Belgilangan chora-tadbirlar natijasida yil yakuniga qadar Samarqandga 6 mln nafar turist jalb etish maqsadi qo‘yildi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ