Raqobat qo‘mitasi: Panorama Airways va Gulbakhor Airways fuqarolarga 25 mlrd so‘m zarar keltirgan
Kompaniya noqonuniy Umra tadbirlari tashkil etishi natijasida 2 558 nafar fuqaro jabrlangan

Panorama Airways aviakompaniyasi hamda Gulbakhor Airways turfirmasi noqonuniy Umra tadbirlarini tashkil etish ortidan fuqarolarga qancha zarar keltirgani aniqlandi. Bu haqda Raqobat qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.
Qo‘mita internet va ijtimoiy tarmoqlar orqali litsenziya va ruxsatnomaga ega bo‘lmagan turoperatorlarning fuqarolarni Saudiya Arabistoniga ziyoratga yuborish uchun arzon narx taklif etilgan reklamalarini aniqladi.
Xususan, Panorama Airways va Gulbakhor Airways tomonidan Umra ziyoratchilariga 25 mlrd so‘mlik zarar yetkazilgan. Jabrlangan fuqarolar soni esa 2 558 nafarni tashkil etadi.
Surxondaryo viloyati Bilolbek travel firmasining Jarqo‘rg‘on tumani filiali xodimi N.J. tegishli ruxsatnomasiz Umraga yuborishni va’da qilib, fuqaro M.A.ning 14,9 mln so‘m miqdoridagi pulini aldov yo‘li bilan olgan. Korxonaning Boysun tuman filiali mutaxassisi A.S. ham fuqaro X.M.ning ishonchiga kirib, firibgarlik yo‘li bilan $2,2 ming olgan.
Yuqoridagi holatlarga ko‘ra, huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan fuqarolarni aldab va ishonchiga kirib, pullarini o‘zlashtirayotgan, aholini xorijda sarson qilayotgan sayyohlik firmalari va turoperatorlariga tegishli choralar ko‘rilgan.
Qo‘mita fuqarolardan Umra tadbirlarida firibgarlarga aldanib qolmaslik uchun xavfsiz, ishonchli va kafolatlangan hamda tegishli litsenziyaga ega turoperatorlar xizmatlaridan foydalanishni tavsiya etmoqda.
Noto‘g‘ri, ishonchsiz va shubhali reklama axborotlari kuzatilsa va sayyohlik korxonalardan zarar yetkazsa, 1159 yagona ishonch raqamiga murojaat qilish mumkin.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ